O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Oʻzbekiston parlamenti delegatsiyasi aʼzolari Qozogʻiston Prezidenti bilan uchrashdi

2018-11-27 | Siyosat

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov boshchiligidagi mamlakatimiz parlamenti delegatsiyasining Qozogʻiston Respublikasiga rasmiy tashrifi davom etmoqda.

Tashrif doirasida 2018-yil 27-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov va Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Uchrashuv chogʻida azaliy qardosh oʻzbek va qozoq xalqlarining oʻtmishi va buguni, orzu-niyatlari hamda intilishlari oʻxshash ekani, bunda ikki davlatning oʻzaro ishonch, yaqin doʻstona munosabatlarga asoslangan hamkorligi muhim rol oʻynayotgani alohida taʼkidlandi. Mamlakatlarimiz Prezidentlarining doimiy tarzda amalga oshirilayotgan oʻzaro tashriflari, samimiy uchrashuv va muloqotlari xalqlarimizning vaqt sinovidan oʻtgan doʻstona munosabatlariga yangicha ruh bagʻishlab kelmoqda.

Prezident Nursulton Nazarboyev Oʻzbekiston bilan doʻstona aloqalarni yanada rivojlantirishda xalqlarimizning azaliy qardoshlik aloqalari, eng asosiysi, Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashqi siyosat borasida yaqin qoʻshnilar bilan munosabatlarni tobora yaxshilashga ustuvor ahamiyat berayotgani muhim rol oʻynayotganini taʼkidlab oʻtdi.

— Bugun oʻzaro munosabatlarimiz yaxshi bosqichda turibdi, — deydi Nursulton Nazarboyev. — Biz Shavkat Mirziyoyev bilan yiliga bir necha bor uchrashyapmiz hamda iqtisodiy va siyosiy hamkorlik sohasidagi zaruriy masalalarni muhokama qilyapmiz. Mamlakatlarimiz oʻrtasida imzolangan hujjatlar va erishilgan kelishuvlarda hamda ularning ijrosini taʼminlashda ikki davlat parlamentlari muhim oʻrin tutadi.

Darhaqiqat, uchrashuv chogʻida qayd etilganidek, xalqlarimiz oʻrtasida oʻzaro bordi-keldi faollashdi, yaqin qoʻshnichilik aloqalari mustahkamlandi. Joriy yil Qozogʻistonda Oʻzbekiston yili deb eʼlon qilingani ham ikki qardosh elning bir-biriga iliq munosabatidan darak beradi.

Oʻz navbatida, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov samimiy qabul uchun Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyevga minnatdorlik bildirar ekan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning qaynoq va samimiy qutlovini yetkazdi. Keyingi ikki yil mobaynida Oʻzbekiston va Qozogʻiston rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli ikki tomonlama munosabatlar yangi bosqichga koʻtarilganini alohida qayd etdi.

Taʼkidlanganidek, davlatlarimizning ochiq, konstruktiv va pragmatik tashqi siyosati bois qisqa vaqt mobaynida mamlakatlarimiz oʻrtasida hamkorlik yanada mustahkamlandi. Ayniqsa, keyingi ikki yilda mamlakatlarimiz Prezidentlarining Toshkent va Samarqand, Ostona va Sariogʻoch shaharlariga bir necha bor rasmiy va ishchi tashriflar amalga oshirganligi diqqatga molikdir. Bundan tashqari, xalqaro miqyosdagi qator tadbirlarda, jumladan, Saudiya Arabistonida oʻtgan “AQSH — Islom olami” sammitida, Xitoyda tashkil etilgan “Bir makon, bir yoʻl” forumida, Ostona shahrida oʻtgan Islom hamkorlik tashkilotining ilm-fan va texnologiyalar boʻyicha sammitida, shuningdek, MDH, SHHTning davlat rahbarlari Kengashi majlislaridagi uchrashuvlar Oʻzbekiston-Qozogʻiston Prezidentlarining doʻstlik aloqalarini yanada kuchaytirishga xizmat qilmoqda. Bu, tabiiyki, davlatlararo munosabatlarda ham oʻz ifodasini topmoqda. Savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama hamkorlik dinamikasi oʻsib borayotgani bunga yaqqol misoldir.

Samimiy muloqot chogʻida Oʻzbekiston-Qozogʻiston munosabatlarini yangi bosqichga koʻtarish, iqtisodiy hamkorlikni tomonlarning mavjud salohiyati darajasiga olib chiqish, bu borada, ayniqsa, parlamentlararo aloqalarni yanada kuchaytirishga doir masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Поделиться