O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Dasturlash boʻyicha “TUIT OPEN 2018” musobaqasi yakunlandi
2018-11-27 | Ta’lim
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida 24-25-noyabr kunlari “TUIT OPEN 2018” dasturlash boʻyicha musobaqasining final bosqichi boʻlib oʻtdi.
Musobaqa yurtimizda AKT sohasini yanada rivojlantirish, oʻquvchi va talaba-yoshlarning dasturlash tillari, IT sohasidagi innovatsion gʻoyalarni yaratishga qiziqishlarini oshirish maqsadida tashkil etildi.
“TUIT OPEN 2018”da respublikamizning barcha hududlaridan 34 ta jamoa qatnashdi. Shularning 9 tasi akademik litsey va kasb-hunar kollejlari jamoalari. Savollar C++, Java, Pyhton, Pascal dasturlash tillari asosida shakllantirilgan. Musobaqani oʻtkazish tartibiga koʻra, savollar maxsus tizim orqali onlayn yechildi va javoblari maʼlum qilindi.
Musobaqa gʻoliblariga pul mukofotlari belgilangandi. Xususan, oliy taʼlim muassasalari talabalari uchun birinchi oʻringa 9 mln., ikkinchi oʻringa 6 mln., uchinchi oʻringa 3 mln. soʻmdan mukofot pullari ajratildi.
25-noyabr — musobaqaning ikkinchi kunida dasturlash boʻyicha asosiy tur boʻlib oʻtdi. Shu kunning oʻzida musobaqa natijalari eʼlon qilindi va gʻoliblarni taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.
Musobaqa yakuniy natijalariga koʻra, birinchi oʻrinni M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining Toshkent filiali “MSU Tashkent 0”, ikkinchi oʻrinni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining “TUIT: ALVA”, uchinchi oʻrinni TATU Urganch filialining “TUIT Urgench Branch masters” jamoasi egalladi.
“TUIT OPEN 2018” musobaqalari ishtirokchilari boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazishlari, bir-birlari bilan yaqindan tanishib olishlari uchun “Gaming round” tashkil etildi.