O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Toshkentda eng professional libos ustalarining moda haftaligi boʻlib oʻtdi
2018-11-27 | Madaniyat
Toshkent moda haftaligi doirasida Milliy liboslar festivali boʻlib oʻtdi.
Unda yurtimizning turli hududlarida ijod qilayotgan dizaynerlar shakl, mato, ijodiy yondashuvi turlicha boʻlgan kolleksiyalari bilan ishtirok etdi. Festival moda sohasidagi oʻziga xos axborot maydoni hamda ijodkorlarning ilhom manbai sifatida xorijlik va yurtimizning eng professional libos ustalarini oʻz atrofiga birlashtirdi.
Mutaxassislarning fikricha, ushbu festival tarixiy liboslarga hurmat va ehtirom bilan yondashuvni taʼminlaydi. Shuningdek, ijodkorlarga yangi-yangi gʻoyalar tuhfa qiladi.
Liboslar namoyishida milliy kiyimlarimizga oid oʻtmish va bugungi kundagi boy anʼanalar koʻzga tashlanishi eʼtiborga molikdir.
Festival doirasida 20 nafar dizaynerning liboslari moda ixlosmandlari eʼtiboriga havola etildi. Ayniqsa, Nilufar Abduvaliyeva, Dilnoz Erkinova, Denis Tomilin, Xurshida Sulton kabi mahoratli dizaynerlar tomonidan yaratilgan toʻplamlar koʻpchilikka manzur boʻldi. Yana shuni alohida taʼkidlash joizki, tojikistonlik va qirgʻizistonlik dizaynerlarning ham ijod namunalari tomoshabinlar hukmiga havola etildi.
Liboslar toʻplamida Toshkent va Fargʻona hududlarining milliy matolari, Xorazm choponlari, betakror zargarlik buyumlari, Buxoroning zardoʻzi liboslari, Surxondaryo va Qashqadaryoning betakror kashtalari kolleksiyalarga oʻzgacha koʻrk, soʻnmas ruh bagʻishladi.
Festival yakunida barcha dizaynerlar Toshkent moda haftaligining diplomi bilan taqdirlandi.
N.Usmonova, T.Mamadaminov (surat), OʻzA