O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xonadonlar doim osoyishta boʻlsin!
2018-11-27 | Jamiyat
Poytaxtimizda “Uydagi osoyishtalikdan dunyodagi tinchlik sari“ shiori ostida maʼrifiy kampaniyaga start berildi. Butunjahon ayollarga nisbatan zoʻravonlikka qarshi kurash kuniga bagʻishlangan mazkur aksiya oldidan Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda davra suhbati tashkil etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, Respublika Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi T.Norboyeva, sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari E.Bositxonova, xalq taʼlimi vaziri oʻrinbosari D.Kenjayev va boshqalar mamlakatimizda kechayotgan shiddatli yangilanish jarayonlarida xalqimiz turmush farovonligini taʼminlash, ayollarni har jihatdan qoʻllab-quvvatlash masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilayotganini taʼkidladi.
BMT Aholishunoslik jamgʻarmasining yurtimizdagi vakolatxonasi rahbari Miyeko Yabuta va boshqa xorijiy ishtirokchilar Oʻzbekistonning ayollarni qoʻllab-quvvatlashga oid tashabbuslari eʼtiborga molik ekani, bu borada amaliyotga joriy etilayotgan tashabbuslar xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini taʼminlashga xizmat qilayotganini taʼkidladi.
Mamlakatimizda inson huquqlari, ayniqsa, ayollarni kuchli ijtimoiy himoyalash, ularning qonuniy manfaatlarini taʼminlash yuzasidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi turli vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari bilan bu boradagi hamkorlikni tobora kengaytirishga katta eʼtibor qaratmoqda. Xonadonlar bilan tizimli ishlar olib borilmoqda. Hududlarda sayyor, onlayn tarzidagi qabullar yoʻlga qoʻyildi. Joylarda tashkil etilayotgan ayollar ijtimoiy reabilitatsiya markazlari turli murakkab vaziyatlarda qolgan opa-singillarga tezkor va samarali koʻmak koʻrsatishda muhim omil boʻlmoqda. Bularning bari oilalarni mustahkamlashda muhim poydevor boʻlib xizmat qilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2018-yil 2-iyuldagi “Ijtimoiy reabilitatsiya qilish va moslashtirish, shuningdek, oilaviy-maishiy zoʻrlik ishlatishning oldini olish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi qarori bu boradagi ishlarni davr ruhiga monand yoʻlga qoʻyishda yangi vazifalarni belgilab berdi.
“Uydagi osoyishtalikdan dunyodagi tinchlik sari“ shiori ostida maʼrifiy kampaniya 10 dekabrga qadar davom etib, uning doirasida maʼrifiy tadbirlar, aksiyalar oʻtkazilishi koʻzda tutilgan.
Tadbirda ayollarning huquq va manfaatlarini taʼminlashga oid mavzudagi ijodiy fototanlovning gʻoliblari taqdirlandi.