O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
DIIHB direktori bilan uchrashuv
2018-11-27 | Siyosat
2018-yilning 26-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri birinchi oʻrinbosari Ilhom Neʼmatov amaliy tashrif bilan mamlakatimizda boʻlib turgan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi (DIIHB) direktori Ingibyorg Solrun Gisladottir bilan uchrashdi.
Suhbat chogʻida turli yoʻnalishlardagi Oʻzbekiston va DIIHB hamkorligi holati va rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Ingibyorg Solrun Gisladottir Samarqand shahrida boʻlib oʻtgan Inson huquqlari boʻyicha Osiyo forumiga taklif qilingani uchun Oʻzbekiston rahbariyatiga minnatdorchilik bildirdi va forum ishida ishtirokidan olgan taassurotlari toʻgʻrisida soʻzlab berdi.
Uning soʻzlariga qaraganda, mazkur forum Oʻzbekistonning inson huquqlari boʻyicha hukumatlararo va nodavlat tashkilotlari bilan kengayayotgan hamkorligining yorqin dalili hamda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarga jahon hamjamiyatining tobora ortib borayotgan qiziqishining tasdigʻi boʻldi.
DIIHB direktori 2017-2021-yillar uchun Harakatlar strategiyasi doirasida Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan oʻzgarishlarni yuqori baholadi. Uning qayd etishicha, “hujjat keng qamrovli boʻlib, mamlakat hayotning barcha sohalarida tubdan oʻzgarishlarni nazarda tutadi, shuningdek, YXHTning maqsadlariga toʻliq mos keladi”.
Uchrashuvda umumiy kun tartibidagi boshqa masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.
Muzokaralarda YXHTning Oʻzbekistondagi loyihalari Koordinatori Jon MakGregor ishtirok etdi.