O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Qishloq joylarda va fuqarolarning ayrim toifalari uchun arzon uy-joylar qurishni kengaytirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

2018-11-26 | Hujjatlar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori​

Soʻnggi yillarda yangilangan namunaviy loyihalar asosida arzon uy-joylar qurish hisobiga qishloq aholisini uy-joy bilan taʼminlash boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 21 oktyabrdagi PQ-2639-son qarori bilan tasdiqlangan 2017-2021 yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar boʻyicha arzon uy-joylarni qurish Dasturiga (keyingi oʻrinlarda – Dastur) muvofiq yangilangan namunaviy loyihalar asosida 53 mingdan ziyod arzon uy-joylar va kvartiralar qurildi, turar joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj 65 mingga yaqin oila uy-joy bilan taʼminlandi.

Shu bilan birga, Dastur ijro qilinishini oʻrganish yakunlari qishloq joylarda arzon uy-joylarga talab yuqori ekanligini koʻrsatdi, yangicha yondashuvlarni ishlab chiqishni taqozo etadigan uy-joylar qurilishini tashkil etish va muhtoj oilalarni arzon uylar bilan taʼminlash boʻyicha bir qator jiddiy kamchiliklar aniqlandi:

birinchidan, namunaviy loyihalar boʻyicha arzon uy-joylar qurilishi uchun qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar toifasiga kiradigan yer uchastkalaridan foydalanish holatlari koʻplab uchramoqda. Xususan, joriy yilda mazkur maqsadlar uchun tuman hokimliklari tomonidan ajratilgan 1065 gektar yerning 60 gektarga yaqini qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar toifasiga kiradi;

ikkinchidan, qurilayotgan namunaviy loyihalar boʻyicha arzon uy-joylarning narxini maqbullashtirish hamda energiya samarador va mahalliy ishlab chiqaruvchilarning arzon qurilish materiallaridan foydalangan holda meʼmoriy va texnik yechimlarni qoʻllash yetarli darajada taʼminlanmayapti;

uchinchidan, muhandislik-transport kommunikatsiyalari va namunaviy loyihalar boʻyicha arzon uy-joylar qurilishida oʻzaro uygʻunlik taʼminlanmayotgani natijasida respublika byudjeti, maqsadli jamgʻarmalar va ijrochilar mablagʻlari ortiqcha sarf qilinmoqda;

toʻrtinchidan, namunaviy loyihalar boʻyicha arzon uy-joylar qurishda shaharsozlik norma va qoidalari talablarini buzish, qurilish-montaj ishlarini sifatsiz bajarish, loyihadan chetga chiqish holatlari mavjud.

Arzon uy-joylar qurilishini samarali tashkil etish, yer resurslaridan oqilona foydalanish, aholi punktlarining muhandislik-transport kommunikatsiyalarini va infratuzilmasini rivojlantirish orqali aholining uy-joyga boʻlgan yuqori talabini toʻliq qondirish maqsadida:

1. Quyidagilar qishloq joylarda uy-joy qurilishini yanada rivojlantirish va muhtoj oilalarni arzon uy-joy bilan taʼminlashning ustuvor yoʻnalishlari etib belgilansin:

uy-joylarni hududiy optimal joylashtirish hamda ular uchun faqat qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar va oʻrmon fondi yerlari toifalariga kirmaydigan yer uchastkalarini taqdim etish hisobiga yer resurslaridan oqilona foydalanish;

kam taʼminlangan va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan oilalar uchun moʻljallangan arzon uy-joylar qurish koʻlamini kengaytirish;

uy-joylarning narxini pasaytirish va energiya samaradorligini oshirish maqsadida meʼmoriy va texnik yechimlarni maqbullashtirish, mahalliy qurilish materiallari, uskunalar va zamonaviy devorbop materiallarni keng qoʻllashni nazarda tutuvchi yangi namunaviy loyihalar boʻyicha arzon uy-joylarni qurish;

uy-joylarni taqdim etishda manzillilik, shaffoflik va ijtimoiy adolatni taʼminlash tamoyillarini inobatga olgan holda qishloq joylarda yashovchilarning turmush sharoitlarini yaxshilash va uy-joyga muhtoj oilalarning ehtiyojini qondirish;

muhandislik-transport kommunikatsiyalari va infratuzilma obyektlari qurilishini “Obod qishloq” dasturi bilan oʻzaro uygʻunlikda tashkil etish, shuningdek, qishloq joylarda samarali kanalizatsiya tizimlarini joriy etish.

 

2. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, Moliya vazirligi
va Iqtisodiyot vazirligining Dastur doirasida, 2019 yildan boshlab quyidagi yangi namunaviy loyihalar boʻyicha arzon uy-joylar (keyingi oʻrinlarda – arzon uy-joylar) qurilishi toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin:

 

“Obod qishloq” dasturiga kiritilgan aholi punktlarida, shuningdek, aholisi zich boʻlmagan va zarur muhandislik-transport kommunikatsiyalari bilan taʼminlanmagan hududlarda 0,02 ga oʻlchamli yer uchastkalarida joylashtiriladigan bir qavatli 3 xonali (yonma-yon quriladigan) arzon uylar;

“Obod qishloq” dasturiga kiritilgan aholi punktlarida, shuningdek, aholi zichligi yuqori boʻlgan va zarur muhandislik-transport kommunikatsiyalari bilan taʼminlangan hududlarda toʻrt qavatli arzon koʻp kvartirali (2 va 3 xonali) uylar;

shaharlarda Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiyasi harbiy xizmatchilari hamda ichki ishlar organlari xodimlari (keyingi oʻrinlarda – fuqarolarning alohida toifalari) uchun besh qavatli arzon koʻp kvartirali (2 va 3 xonali) uylar.

Bunda boʻsh yer uchastkalari mavjud boʻlmagan aholi punktlarida arzon koʻp kvartirali uylarni qurish yoʻl boʻylarida joylashgan yaroqsiz uy-joylar, bino va inshootlarni buzish hisobiga boʻshagan hududlarda chiziqli-qatorli koʻrinishda joylashtirgan holda amalga oshiriladi.

3. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki:

“Qishloq qurilish loyiha” MCHJ tomonidan mahalliy qurilish materiallari, uskunalar va zamonaviy devorbop materiallardan keng foydalangan holda barpo etiladigan va qishloq sharoitiga moslashtirilgan arzon koʻp kvartirali uylarning (yordamchi inshootlar va hovli qurilmalari bilan birgalikda) namunaviy loyihalari ishlab chiqilgan;

Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi va Qurilish vazirligi tomonidan mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar bilan birgalikda markazlashgan kanalizatsiya, gaz va issiqlik taʼminoti tizimlari bilan taʼminlanmaydigan arzon koʻp kvartirali uylar uchun moʻljallangan lokal oqova suv tozalash inshootlari va qattiq yoqilgʻida ishlovchi energiya samarador isitish qozonlari joriy etilmoqda;

arzon uy-joylar, shuningdek, ichimlik suvi, kanalizatsiya va issiqlik taʼminoti inshootlari va tarmoqlari hamda yoʻllar (sement-beton qoplamali) qurilishi boʻyicha buyurtmachi etib “Qishloq qurilish invest” IK” MCHJ, bosh loyihachi etib esa “Qishloq qurilish loyiha” MCHJ belgilangan.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Qurilish vazirligi tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari “Qishloq qurilish invest IK” MCHJ, ishtirok etuvchi tijorat banklari, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ishlab chiqilgan:

2019-2020 yillarda qishloq joylarda va fuqarolarning alohida toifalari uchun arzon uy-joylar qurilishi boʻyicha yigʻma koʻrsatkichlar 1 va 1.1-ilovalarga muvofiq;

2019-2020 yillarda qishloq joylarda arzon uy-joylar qurilishi boʻyicha asosiy parametrlar 2 va 2.1-ilovalarga muvofiq;

 

2019-2020 yillarda fuqarolarning alohida toifalari uchun arzon koʻp kvartirali uylar qurilishi boʻyicha asosiy parametrlar 3 va 3.1-ilovalarga muvofiq;

 

2019-2020 yillarda arzon uy-joy massivlarida tashqi muhandislik tarmoqlari, inshootlari va transport kommunikatsiyalari qurilishi boʻyicha yigʻma koʻrsatkichlar 4 va 4.1-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi “Qishloq qurilish invest” IK” MCHJ hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2019 yilning 1 iyuliga qadar arzon uy-joylar qurilishi monitoringi boʻyicha axborot tizimini (keyingi oʻrinlarda – axborot tizimi) ishlab chiqsin va tatbiq qilsin, ushbu tizim uy-joy quruvchilar va boshqa manfaatdor shaxslar uchun Internet tarmogʻida real vaqt rejimida quyidagilar toʻgʻrisida axborot olish imkoniyatini taʼminlaydi:

bajarilgan qurilish-montaj ishlarining hajmlari (shu jumladan, obyektlarning fotosuratlari va video-yozuvlari);

obyektlar qurilishida ishtirok etayotgan pudratchilar;

qurilishi tugallangan obyektlarda oʻtkazilgan nazorat tartibida oʻlchash natijalari;

qurilishni moliyalashtirishning borishi.

6. Belgilansinki:

arzon uy-joylar, tashqi muhandislik tarmoqlari, inshootlari va transport kommunikatsiyalari qurilishining kelgusi yillar uchun asosiy parametrlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan har yili 1 iyunga qadar “Obod qishloq” dasturi bilan oʻzaro bogʻlangan holda tasdiqlanadi;

arzon uy-joylar, tashqi muhandislik tarmoqlari, inshootlari va transport kommunikatsiyalari qurilishining massivlar kesimidagi taqsimoti Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Obod qishloq” dasturini 2018 yilda amalga oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2018 yil 29 martdagi PQ–3630-sonli qarori bilan tuzilgan Respublika komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2018 yilda uy-joy qurilishini rivojlantirish maqsadli dasturlarini samarali amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018 yil 18 yanvardagi PQ-3480-sonli qarorining 7-ilovasida koʻrsatilgan asosiy qurilish materiallari va uskunalar “Qishloq qurilish invest” IK” MCHJ tomonidan bosh pudrat tashkilotlariga markazlashtirilgan tartibda yetkazib beriladi;

ichimlik suvi, kanalizatsiya, issiqlik, elektr, gaz taʼminoti inshootlari va tarmoqlari hamda yoʻllar qurilishi markazlashtirilgan manbalar, xalqaro moliya institutlari mablagʻlari, shuningdek, “Oʻzbekenergo” AJ va “Oʻztransgaz” AJning oʻz mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;

arzon uy-joylar, muhandislik-transport kommunikatsiyalari va infratuzilma obyektlari qurilishi ishtirokchilariga, qurilish materiallari va uskunalarni ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalarga, shuningdek, transport tashkilotlari va boshqa tashkilotlarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2017-2021 yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar boʻyicha arzon uy-joylar qurish dasturi toʻgʻrisida” 2016 yil 21 oktyabrdagi PQ–2639-sonli qarorida nazarda tutilgan soliq va bojxona imtiyozlari qoʻllaniladi;

arzon koʻp kvartirali uylarning birinchi qavatlarida noturar joylari qurilishi “Qishloq qurilish invest” IK” MCHJning zaxira jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;

arzon koʻp kvartirali uylarning birinchi qavatlarida qurilayotgan noturar joylar yertoʻlasi bilan birga “Qishloq qurilish invest” IK” MCHJ tomonidan “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasida auksionga qoʻyiladi va ularni sotishdan olingan daromadlar “Qishloq qurilish invest” IK” MCHJning zaxira jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladi;

Axborot tizimini ishlab chiqish, tatbiq etish va qoʻllab-quvvatlash “Qishloq qurilish invest” IK” MCHJ tomonidan uning zaxira jamgʻarmasi mablagʻlari hamda qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

7. 2019 yilda qishloq joylarda va fuqarolarning ayrim toifalari uchun arzon uy-joylar qurilishi asosiy parametrlari va yigʻma koʻrsatkichlarining jadal ravishda ijro etilishini taʼminlash maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari belgilangan tartibda:

Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi, Qurilish vazirligi va Favqulodda vaziyatlar vazirligi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati markazi bilan birgalikda ikki hafta muddatda arzon uy-joylar, muhandislik-transport kommunikatsiyalari va infratuzilma obyektlarini qurish uchun buyurtmachilarga qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar va oʻrmon fondi yerlari toifalariga kirmaydigan hamda tashqi muhandislik-transport kommunikatsiyalariga chiqish imkoniyatiga ega boʻlgan boʻsh yer uchastkalari ajratilishini;

ishtirok etuvchi tijorat banklari, manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda arzon uy-joylar qurilishi uchun talabgorlarni tanlash va ularning boshlangʻich badallarini shakllantirishni;

buyurtmachilar va loyiha tashkilotlari bilan birgalikda ikki oy muddatda arzon uy-joylar, muhandislik-transport kommunikatsiyalari va infratuzilma obyektlari qurilishi boʻyicha loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilishini;

buyurtmachilar bilan birgalikda uch oy muddatda arzon uy-joylar, muhandislik-transport kommunikatsiyalari va infratuzilma obyektlarini qurish uchun pudrat tashkilotlari aniqlanishini taʼminlasinlar.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi:

Qurilish vazirligi bilan birgalikda arzon koʻp kvartirali uylar uchun suv taʼminoti tizimlari loyihalari uzluksiz suv taʼminotini taʼminlovchi samarali texnik yechimlarni, shu jumladan, zarur hollarda, maxsus inshootlarni (bosimli suv minorasi, rezervuar va boshqalar) oʻrnatishni nazarda tutgan holda ishlab chiqilishini;

viloyatlar hokimliklari va mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar bilan birgalikda markazlashtirilgan kanalizatsiya, issiqlik va gaz taʼminoti tizimlari bilan taʼminlanmaydigan arzon koʻp kvartirali uylar uchun zarur boʻlgan hajm va quvvatlarda lokal oqova suv tozalash inshootlari va qattiq yoqilgʻida ishlovchi energiya samarador isitish qozonlari ishlab chiqarilishini taʼminlasin.

Belgilansinki:

muhandislik-transport kommunikatsiyalariga ulanmagan, uzluksiz elektr va suv taʼminoti yoʻlga qoʻyilmagan arzon uy-joylar foydalanishga qabul qilinmaydi;

qurilishi tugallangan ichimlik suvi, kanalizatsiya va issiqlik taʼminoti inshootlari hamda tarmoqlarini ekspluatatsiya qilish va saqlash hududiy ichimlik suvi va issiqlik taʼminoti korxonalari tomonidan, shuningdek, davlat-xususiy sheriklik asosida tadbirkorlik subyektlari tomonidan amalga oshiriladi.

9. “Oʻzbekenergo” AJ Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda arzon koʻp kvartirali uylarni hamda ularning ichimlik suvi, kanalizatsiya va issiqlik taʼminoti inshootlarini uzluksiz ravishda elektr energiyasi bilan taʼminlasinlar.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:

Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi bilan birgalikda ichimlik suvi, kanalizatsiya va issiqlik taʼminoti inshootlari va tarmoqlari hamda avtomobil yoʻllari qurish uchun markazlashtirilgan manbalar hisobidan zarur mablagʻlar ajratsin;

ishtirok etuvchi tijorat banklarining buyurtmanomalari boʻyicha birinchi 5 yil mobaynida yiliga 4 foizli stavka bilan va keyingi davrda ishtirok etuvchi tijorat banklarining marjasi yiliga 3 foiz miqdorida boʻlishini hisobga olgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasi miqdorida 2 yillik imtiyozli davr bilan qishloq joylarda yashovchi shaxslar uchun – 20 yil, fuqarolarning alohida toifalari uchun – 15 yil muddatlarga milliy valyutada kredit liniyalarini ochsin, ushbu mablagʻlar arzon uy-joylar qurilishiga maqsadli yoʻnaltirilsin.

11. Belgilansinki, ishtirok etuvchi tijorat banklari arzon uy-joylar qurilishi uchun uy-joy quruvchilarga 2 yillik imtiyozli davr hamda dastlabki 5 yil mobaynida yillik 7 foiz stavkasi bilan va keyingi davrda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasi miqdorida:

qishloq joylardagi arzon uy-joylarni sotib olish uchun – 20 yil muddatga va uy-joy quruvchilarning boshlangʻich badali 10 foiz miqdorida;

fuqarolarning alohida toifalari tomonidan arzon koʻp kvartirali uylarni sotib olish uchun – 15 yil muddatga va uy-joy quruvchilarning boshlangʻich badali 25 foiz miqdorida ipoteka kreditlari taqdim etadi.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan “Qishloq qurilish bank” ATB tomonidan “Qishloq qurilish invest” IK” MCHJga ajratilgan 350 milliard soʻm miqdoridagi kreditlarni qaytarish muddati 2019 yilning 1 iyuliga qadar uzaytirilsin.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, “Oʻzmetkombinat” AJ va “Oʻzqurilishmateriallari” AJ buyurtmachilar hamda loyiha tashkilotlarning asoslangan hisob-kitoblari boʻyicha arzon uy-joylar, shuningdek, ularning muhandislik-transport kommunikatsiyalari va infratuzilma obyektlari qurilishi uchun toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalarga va birja kotirovkalarining oʻrtacha narxlariga muvofiq haqini oldindan toʻliq toʻlash sharti bilan metall prokati va sement ajratilishini taʼminlasin.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi Moliya vazirligi va Iqtisodiyot vazirligi, ishtirok etuvchi tijorat banklari, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

arzon uy-joylar, muhandislik-transport kommunikatsiyalari va infratuzilma obyektlari qurilishi uchun xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining uzoq muddatli imtiyozli kreditlarini jalb etish choralarini koʻrsin;

ushbu qaror talablaridan kelib chiqqan holda avval imzolangan qarz bitimlariga tegishli oʻzgartirishlar kiritish yuzasidan Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, Saudiya taraqqiyot jamgʻarmasi va Kuvayt arab iqtisodiy taraqqiyot jamgʻarmasi bilan muzokaralar olib borsin.

15. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Toshkent viloyatida eksperiment tariqasida qurilishning innovatsion usullaridan, zamonaviy qurilish materiallari va texnologiyalaridan foydalangan holda davlat-xususiy sherikligi shartlari asosida arzon uy-joylar qurilishi boʻyicha taklif kiritsin.

16. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki:

Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi va Global ekologik fond (keyingi oʻrinlarda – ishtirokchilar) bilan hamkorlikda “Oʻzbekiston Respublikasining qishloq joylarda energiya samarador uy-joylar qurilishini rivojlantirishga koʻmaklashish” qoʻshma loyihasi (keyingi oʻrinlarda – Qoʻshma loyiha) amalga oshirilmoqda;

Qoʻshma loyiha doirasida 2019-2021 yillarda arzon uy-joylar qurilishi uchun 3,0 million AQSH dollari miqdorida maqsadli grantlar ajratilishi nazarda tutilgan boʻlib, ular qurilayotgan arzon uy-joylarning energiya samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha xarajatlarni qoplashga yoʻnaltiriladi;

Qoʻshma loyiha doirasida “Qishloq qurilish loyiha” MCHJ tomonidan arzon uy-joylarning energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan zamonaviy energiya tejamkor materiallar va texnologiyalardan foydalanishni koʻzda tutuvchi namunaviy loyihalari ishlab chiqildi;

energiya samarador arzon uy-joylarning qurilishi Qoʻshma loyiha ishtirokchilari bilan kelishgan holda aniqlanadigan massivlarda amalga oshiriladi;

maqsadli grantlar BMT Taraqqiyot dasturi bilan grantlar ajratish boʻyicha imzolanadigan shartnomaga muvofiq “Qishloq qurilish bank” ATB orqali ipoteka krediti doirasida ajratiladi.

17. “Qishloq qurilish invest” IK” MCHJ, “Qishloq qurilish loyiha” MCHJ va “Qishloq qurilish bank” ATB Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda:

Qoʻshma loyiha ishtirokchilari bilan kelishgan holda namunaviy loyihalarning joylarga bogʻlanishini va energiya samarador arzon uy-joylar qurilishi boʻyicha loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilishini;

grantlardan maqsadli foydalanilishi va qurilish-montaj ishlarining sifatli amalga oshirilishi ustidan doimiy nazorat va monitoring olib borilishini;

Qoʻshma loyiha ishtirokchilari talabiga binoan monitoring va nazorat natijalari toʻgʻrisida maʼlumotlar taqdim etilishini taʼminlasinlar.

18. Toshkent shahar hokimligi ishtirok etuvchi tijorat banklari bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2017-2020 yillarda shaharlarda arzon koʻp kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilish Dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2016 yil 22 noyabrdagi PQ–2660-sonli qarori doirasida Toshkent shahrida qurilayotgan koʻp kvartirali uylardagi kvartiralar hisobidan har yili:

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish tizimi samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017 yil 1 iyundagi PF–5066-sonli Farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimi harbiy xizmatchilari, qutqaruvchilari va xodimlari uchun – 56 ta kvartira;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 17 avgustdagi PQ–3224-sonli qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining harbiy xizmatchilari uchun – 300 ta kvartira;

Vazirlar Mahkamasining “Ichki ishlar organlari xodimlarining turar joy sharoitlarini yaxshilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2017 yil 29 iyundagi 444-sonli qaroriga muvofiq ichki ishlar organlari xodimlari uchun – 168 ta kvartira;

Vazirlar Mahkamasining “Mamlakat ijtimoiy hayotida faol ishtirok etayotgan yosh oilalarni uy-joy bilan taʼminlashda qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2017 yil 23 sentyabrdagi 753-sonli qaroriga muvofiq mamlakat ijtimoiy hayotida faol ishtirok etib, alohida namuna koʻrsatayotgan yosh oilalar uchun – 420 ta kvartira;

Vazirlar Mahkamasining “Ogʻir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga, nogironligi boʻlgan, kam taʼminlangan, farzandlarini toʻliqsiz oilada tarbiyalayotgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj onalarga arzon uy-joylar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2018 yil 12 apreldagi 285-sonli qaroriga muvofiq ogʻir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlar uchun – 66 ta kvartira ajratilishini taʼminlasin.

19. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari ishtirok etuvchi tijorat banklari bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2017-2020 yillarda shaharlarda arzon koʻp kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilish Dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2016 yil 22 noyabrdagi PQ–2660-sonli qaroriga muvofiq shaharlarda qurilayotgan koʻp kvartirali uylardagi kvartiralar hisobidan har yili mamlakat ijtimoiy hayotida faol ishtirok etib, alohida namuna koʻrsatayotgan yosh oilalar va ogʻir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlar uchun amaldagi parametrlar va nizomlarga binoan kvartiralar taqdim etilishini taʼminlasin.

20. 2019 yilning 1 yanvaridan boshlab shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq qurilishi tugallangan arzon uy-joylarda asosli tarzda nazorat tartibida oʻlchash natijalari boʻyicha aniqlangan va ushlab qolingan summalar uy-joy quruvchilarga qaytariladi.

21. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, “Qishloq qurilish invest” IK” MCHJ va ishtirok etuvchi tijorat banklari bilan birgalikda ushbu qarorning mazmuni va mohiyati ommaviy axborot vositalari orqali keng yoritilishini taʼminlasin.

22. Quyidagilar:

ushbu qarorning talablari oʻz vaqtida va toʻla-toʻkis amalga oshirilishini taʼminlash ustidan qattiq nazorat olib borilishi yuzasidan – Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari (Ramatov) zimmasiga;

ushbu qaror bilan tasdiqlangan yigʻma koʻrsatkichlar va asosiy parametrlarga muvofiq arzon uy-joylar, muhandislik-transport kommunikatsiyalari hamda infratuzilma obyektlari oʻz vaqtida va sifatli qurilishi yuzasidan – Oʻzbekiston Respublikasi qurilish vaziri (Toʻxtayev) zimmasiga;

qurilish-montaj ishlari tannarxini pasaytirish va ularda mahalliy zamonaviy qurilish materiallari va uskunalarini keng qoʻllash, shuningdek, mahalliy qurilish industriyasini barqaror rivojlantirish va pudrat tashkilotlari salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlarni izchil amalga oshirish yuzasidan – Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot vaziri (Xodjayev) zimmasiga shaxsiy javobgarlik yuklansin.

23. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilikka ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

24. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining rahbari Z.Sh.Nizomiddinov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining oʻrinbosari G.K.Saidova zimmasiga yuklansin.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                                       Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2018 yil 24 noyabr

Поделиться