O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Markaziy Osiyoda suvdan foydalanish masalalari muhokama qilinmoqda
2018-11-26 | Ekologiya
Qirgʻizistonning Bishkek shahrida Maraziy Osiyo mintaqaviy ekologiya markazi (MOMEM) hamda YUSAID hamkorligda “Suv. Taʼlim. Hamkorlik” mavzusida xalqaro forum oʻz ishini boshladi.
Xalqaro tashkilotlar mutasaddilari, Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston, Tojikiston va Afgʻonistondan bir qator mutaxassislar, tegishli idora va tashkilotlar vakillari – jami 150 dan ortiq ishtirokchi qatnashayotgan ushbu anjumanda suv resurslaridan foydalanish boʻyicha hamkorlik masalalari atroflicha muhokama etiladi.
– Maʼlumki, suv resurslaridan oqilona foydalanish bugun sayyoramizdagi eng muhim, global muammolaridan sanaladi, – deydi MOMEMning “Suv, Taʼlim. Hamkorlik” loyihasi menejeri Yekaterina Strikeleva. – Mintaqamizda Amudaryo, Sirdaryo, Zarafshon singari yirik suv havzalaridan tashqari 200 dan ortiq kichik daryolar mavjud boʻlsa-da, suv tanqisligi bilan bogʻliq muammolar tez-tez koʻzga tashlanmoqda. Ayniqsa, transchegaraviy daryolardan foydalanish boʻyicha mavjud muammolarni birgalikda va oqilona hal etish lozim. Bugun oltita davlatdan tashrif buyurgan vakillar ishtirokida mintaqamizdagi sakkizta kichik transchegaraviy daryolardagi vaziyat mutaxassislar ishtirokida tahlil qilinadi.
Ayni paytda Markaziy Osiyo Mintaqaviy ekologiya markazi bir qator xalqaro tashkilotlar bilan kichik suv havzalari kengashlarini tuzish boʻyicha hamkorlik qilib keladi.
Mazkur anjumanda ham mintaqadagi kichik suv havzlaridan tejamkorlik bilan, oʻzaro kelishilgan holda foydalanish, turli sohalarda suvning ortiqcha isrof boʻlishigat yoʻl qoʻymaslik, ushbu yoʻnalishlarda innovatsion uslublardan foydalanish, suv tanqisligini oldini olishda mutasaddilarning diqqat-eʼtiborini kuchaytirish singari masalalarga alohida eʼtibor qaratiladi.
Forumda ekspertlar, olim va mutaxassislarning ushbu yoʻnalishdagi muammlarni hal etishning maqbul usullari, mintaqamizdagi Isfara, Asfana, Oqsuv, Kurkureu, Murgʻob, Yomonjar, Shahrixonsoy singari kichik daryolarning bugungi holati haqida maruzalari, koʻrgazmali chiqishlari oʻrin olgan.
– Ushbu forum kun tartibiga kiritilgan kichik suv havzalaridan biri Podsho-ota daryosi hisoblanadi, – deydi forum ishtirokchisi, Namangan viloyati Yangiqoʻrgʻon tumani hokimi oʻrinbosari Komiljon Turdiyev. – Daryo Qirgʻiziston hudidan boshlanadi, Oʻzbekiston orqali oʻtib, yana ushbu qoʻshni davlat hududiga oqib kiradi. 1980 yildagi kelishuvga binoan daryo suvining 64 foizidan Oʻzbekiston, 36 foizidan esa Qirgʻiziston tomoni foydalanadi. Podsho-ota daryosi suvlaridan foydalanish boʻyicha Qirgʻiziston vakillari bilan oʻzaro kelishilgan holda ish olib borilmoqda. Ushbu forum ham bu boradagi masalalarni yanada aniqlatirishda katta samara beradi.
Forum kun tartibidan turli tashkilotlar, davlatlar vakillari qatori oʻzbekistonlik mutaxassislarning ham maʼruzalari, koʻrgazmali chiqishlari oʻrin olgan.