O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Endi maxsus avtotransportdan tortib, aviatsiya texnikasigacha xizmatingizda boʻladi

2018-11-23 | Sog‘liqni saqlash

Bugun yoʻllarimizda tez-tez koʻzga tashlanayotgan “Hyundai”, “Nissan” va “Toyota” rusumli zamonaviy reanimobillarni koʻrgan har bir inson oʻzi va yaqinlari sogʻligʻi davlatimizning mustahkam himoyasida ekaniga ishonchi ortadi.

Maʼlumotlarga koʻra, 2018 yilning oʻtgan 11 oy davomida shoshilinch tibbiy yordam xizmatiga aholidan 8 milliondan koʻproq murojaat tushgan. Ularning 7 milliondan koʻprogʻiga tez tibbiy yordam tizimi orqali tibbiy xizmat koʻrsatildi. Bir milliondan oshiq bemor esa respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning hududiy filiallarida statsionar va ambulator sharoitda davolandi. Ushbu raqamlar shoshilinch tibbiy yordam xizmatining inson hayoti va salomatligini asrashda oʻrni nechogʻlik muhimligini yaqqol ifoda etadi. Shu bois, sogʻliqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar jarayonida ushbu soha rivojiga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
 
Xususan, keyingi yillarda davlat byudjetidan soha uchun 1269 ta ixtisoslashtirilgan avtotransport xarid qilindi va hududlarning ushbu texnikaga boʻlgan ehtiyoji toʻliq qoplandi, dori-darmon va tibbiy buyumlar bilan taʼminlash 3 barobarga koʻpaydi. Yaʼni, bugungi kunda har bir chaqiriq uchun minimal xarajatlar 5000 soʻm miqdorida belgilandi. Bu koʻrsatkich 2016 yilda 748 soʻmni, 2017 yilda 1627 soʻmni tashkil etardi.
 
Prezidentimizning 2018 yil 25 yanvarda qabul qilingan “Shoshilinch tibbiy yordam tizimini jadal takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bu yoʻnalishda aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatning tezkorligi, sifat va samaradorligini yanada oshirish, kadrlar salohiyatini yuksaltirish, ilm-fan yangiliklarini tibbiyot amaliyotiga tatbiq etishda muhim dasturilamal boʻlmoqda.
 
– Mazkur qarorda shoshilinch tibbiy yordam xizmatining moddiy-texnika salohiyatini yanada yuksaltirish borasida ham talay vazifalar belgilangan edi, – deydi Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasi bosh shifokori Davron Sultonov. – Xususan, tez tibbiy yordam mashinalarining kamida 10 foizini maxsus reanimatsiya mashinalari tashkil etishi belgilangan edi. Bugungi kunga kelib tez tibbiy yordam xizmatining avtoparki ushbu mezon darajasiga koʻtarildi. Yaʼni, tez tibbiy yordam mashinalarining 10 foizini zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan, xorijda ishlab chiqarilgan “Hyundai”, “Nissan” va “Toyota” rusumli reanimobillar tashkil etmoqda. Ushbu avtotransportlar shoshilinch vaziyatlarda tez va samarali tibbiy yordam koʻrsatishga xizmat qiladigan zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlandi. 
 
Ayni paytda, Prezidentimizning 2018 yil 16 oktyabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasida tez tibbiy yordam xizmatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida tez tibbiy yordamning avtotransport parkini yanada zamonaviylashtirish, tez tibbiy yordam mashinalarini ratsiyalar bilan jihozlash, Call-markazlar faoliyatini rivojlantirish, tibbiyot xodimlari yetib kelgunga qadar va shifoxonagacha boʻlgan bosqichda tibbiy yordamni takomillashtirish, kadrlar malakasini oshirish, diagnostika va davolash amaliyotiga yangi texnologiyalarni joriy etish ishlari davom etayapti. Shuning bilan bir qatorda, endilikda tez tibbiy yordam xizmatini aviatsiya texnikasi bilan taʼminlash chora-tadbirlari ham koʻrilayotir.
 
 
Sogʻliqni saqlash vazirligi axborot xizmati

Поделиться