O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Fuqarolik jamiyati institutlari vakillari davlat organlari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot qildi
2018-11-23 | Jamiyat
Adliya vazirligi tomonidan nodavlat notijorat va diniy tashkilotlar faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan qonun hujjatlari mazmun-mohiyatini tushuntirishga bagʻishlangan matbuot anjumani oʻtkazildi.
Yangicha formatda oʻtkazilgan matbuot anjumanida ilk bor Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi masʼul xodimi, NNT va turli konfessiyadagi diniy tashkilotlar vakillari, xorijiy NNTlar vakolatxonalarining chet ellik xodimlari ham ishtirok etishdi.
Anjumanda sohada qabul qilingan qonun hujjatlari tushuntirilib, 2018 yil nodavlat notijorat va diniy tashkilotlar faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha eng koʻp normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan yil sifatida mustaqil Oʻzbekiston tarixida qolganligi alohida eʼtirof etildi.
Bugungi kunda respublikada turli sohalarda 9 700 dan ortiq nodavlat notijorat tashkilotlari va 2200 dan ortiq diniy tashkilotlar va 1 500 dan ortiq OAVlar faoliyat koʻrsatib kelmoqda.
Taʼkidlash joizki soʻnggi toʻqqiz oy davomida mamlakatimizda nodavlat notijorat va diniy tashkilotlar hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini tashkil etish hamda ular faoliyatini qoʻllab-quvvatlash borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi, jumladan ular faoliyatini tartibga soluvchi bir qator qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi bilan birga, 15 ta yangi normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.
Xususan, 2018 yil 13 apreldan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyatini rivojlantirish sohasida davlat siyosatini amalga oshiradigan organ sifatida rasman eʼtirof etildi.
Shuningdek, joriy yildan boshlab:
- NNT pensioner xodimlariga pensiya ularning mazkur tashkilotlardagi faoliyati yagona ish joyi boʻlgan taqdirda, toʻliq toʻlanadi. “Nodavlat notijorat tashkilotlari uylari” tashkil etildi;
- mehnatga haq toʻlash fondini tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan kelib tushgan mablagʻlar hisobidan shakllantiruvchi NNT uchun yagona ijtimoiy toʻlov stavkasi 25 foizdan 15 foizga tushirildi;
- jamoat fondi maʼmuriy xarajatlarining yillik umumiy summasi fondning barcha xarajatlari summasining 30 foizidan oshmasligi kerakligi belgilandi;
- Nodavlat notijorat tashkilotlarining chet el fuqarolari boʻlgan xodimlari akkreditatsiya kartochkasining yangi shakli tasdiqlandi. Unga koʻra, akkreditatsiya kartochkasining himoyalanganlik darajasi yanada oshirildi;
- Adliya vazirligi huzurida 17 kishilik nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, vazirlik faxriylari va yuridik fanlar doktoridan iborat Jamoatchilik kengashi tuzildi.
“Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun” koʻkrak nishoni tasdiqlandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita tuzilmasida Diniy-ijtimoiy jarayonlarni oʻrganish axborot-tahlil markazi, Oliy diniy-maʼrifiy taʼlim muassasasi shaklidagi Hadis ilmi maktabi, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi huzurida “Vaqf” xayriya jamoat fondi tashkil etilishi hamda mamlakatimiz dovrugʻini jahon miqyosida keng yoyish ishiga munosib hissa qoʻshib kelayotgan shaxslarni ragʻbatlantirish maqsadida “Imom Buxoriy” davlat mukofotini taʼsis etish belgilab olindi.
Diniy tashkilotlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi soddalashtirildi, roʻyxatdan oʻtkazishda toʻlanadigan davlat boji 5 martaga kamaytirildi;
Shu bilan birga anjumanda ishtirokchilar joylarda tashkil etilayotgan NNT uylari, ularning holati va topshirilishiga doir masalalar, “Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun” koʻkrak nishonini aynan qanday hollarda va ularning qaysi natijalariga qarab berilishi borasida oʻzlarini qiziqtirgan savollariga atroflicha javob oldilar.
Matbuot anjumani qizgʻin muhokama ruhida oʻtkazildi va vazirlik tomonidan kelgusida bu kabi tadbirlar joylarda hamkor nodavlat notijorat va diniy tashkilotlar bilan birga oʻtkazilishi belgilab olindi.