Poytaxtimizda shaxmat boʻyicha Gʻarbiy Osiyo chempionati yakunlandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Milliy olimpiya qoʻmitasi hamda mamlakatimiz shaxmat federatsiyasi tomonidan oʻtkazilgan chempionatda mamlakatimiz shaxmatchilari bilan birga BAA, Hindiston, Bangladesh, Qozogʻiston, Eron, Turkmaniston, Tojikiston, Shri-Lanka, Afgʻoniston va Qirgʻizistondan kelgan 6-20 yoshgacha boʻlgan oʻsmirlar oʻzaro bahslashdi.
Shaxmatchilar musobaqaning ilk kunida rapid yoʻnalishida kuch sinashdi. Unda vakillarimiz 11 oltin, 8 kumush, 10 bronza medaliga sazovor boʻldi.
Anʼanaviy shaxmat boʻyicha 9 tur davom etgan bahslarda terma jamoamiz aʼzolaridan Madina Abdumannopova, Umida Omonova, Nilufar Yoqubboyeva, Afruza Hamdamova, Olmos Rahmatullayev, Samandar Shermuhammedov, Nodirbek Yoqubboyev oltin medalni qoʻlga kiritdi. Shuningdek, mazkur yoʻnalishda vakillarimiz 5 kumush va 7 bronza medaliga ega chiqdi.
Blis boʻyicha oʻtgan bellashuvlarda ishtirokchilar 9 turda oʻz omadini sinab koʻrdi. Xotin-qizlar oʻrtasida Eʼzozaxon Hasanova, Sitora Saparova, Umida Omonova, Umida Qurbonova gʻolib boʻlgan boʻlsa, oʻgʻil bolalar va erkaklar oʻrtasida Ortiq Nigʻmatov, Nodirbek Yoqubboyev, Humoyun Begmurodov, Samandar Shermuhammedov, Nodirbek Abdusattorov, Shahzod Islomov va Alixon Avazxonovga teng keladigani topilmadi.
Shaxmatchilarimiz ushbu yoʻnalishda 8 kumush va 9 bronza medalni qoʻlga kiritdi.
Javohir Toshxoʻjayev, Muhammad Amin (surat), OʻzA