O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Matbuot anjumani o‘tkazildi
2018-11-21 | Jamiyat
2018 yilning 20 noyabr kuni O‘zbekiston Milliy matbuot markazida “Kuz-qish mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlar, ularning oldini olish bo‘yicha olib borilayotgan tadbirlar” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Matbuot anjumani O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yilning 2-yarmi uchun “Mamlakatimiz hayotidagi muhim ahamiyatga molik masalalar bo‘yicha o‘tkaziladigan matbuot anjumanlarining yagona rejasi”ga asosan o‘tkazildi.
Anjuman Favqulodda vaziyatlar vazirligi tashabbusi bilan Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda “O‘ztransgaz” AK hamkorligida tashkil etildi.
Unda, Ichki ishlar, Sog‘liqni saqlash vazirliklari, Davlat veterinariya qo‘mitasi, “Sanoatgeokontexnazorat” DI, shuningdek ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.
2018 yilning 15 noyabr kuni xolatiga respublikada 31ta is gazidan zaharlanish va gazdan chaqnash bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlar qayd etilib, ularda 101 nafar fuqaro jabrlangan.
Is gazi (SO) rangsiz, hidsiz, korxona sharoitida eng ko‘p uchraydigan zaharli birikma bo‘lib, tabiiy gaz, yoqilg‘i, ko‘mir, o‘tin cho‘g‘lari to‘liq yonmasligi oqibatida xosil bo‘ladi. Tutun tarkibida 3%, ishlangan gazda 13%, portlovchi gazlar tarkibida esa 50-60% gacha is gazi bo‘ladi.
Is gazidan shamollatish tizimi yaxshi ishlamaydigan organik moddalarni ishlab chiqaradigan korxonalarda, avtoulovlar turar parklarda, yangi bo‘yalgan va shamollatilmagan xonalarda, shuningdek uy sharoitlarida tabiiy gaz chiqib turganda va pechka bilan istiladigan uylar, hammomlarda, dam olish palatkalarida yonuvchi moddaning to‘liq yonmasligi natijasida zaharlanish mumkin.
Is gazi organizmga nafas a’zolari orqali ta’sir etadi. Ushbu gaz gemoglobin bilan kislorodga nisbatan 300 marotaba kuchli birikma - karboksigemoglobin hosil qiladi. Oqibatda gemoglobinning to‘qimalarga kislorod tashish xususiyati keskin pasayib, gipoksiyaga, og‘ir xolatlarda esa - anoksiyaga olib kelishi xamda shu tariqa inson hayotdan ko‘z yumishi mumkin.
Matbuot anjumanida mas’ul mutaxassislar tomonidan kuz-qish mavsumida aholi tomonidan nostandart gaz qurilmalaridan foydalanishga ehtiyoj oshishi, sababli fuqarolarmiz salomatligi muhofazasi yo‘nalishida samarali tadbirlarni amalga oshirish mavzularida ma’ruzalar qilindi.