O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Inson huquqlari boʻyicha Osiyo forumi oldidan brifing oʻtkazildi
2018-11-21 | Jamiyat
Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligi munosabati bilan joriy yilning 22-23 noyabr kunlari Samarqand shahrida Inson huquqlari boʻyicha Osiyo forumi boʻlib oʻtadi.
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi va Xalqaro press-klub tomonidan ushbu yirik forum oldidan brifing tashkil etildi.
Unda Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, BMT Bosh kotibi oʻrinbosari Mixael Myoller, BMTning Oʻzbekistondagi doimiy muvofiqlashtiruvchisi, BMT Taraqqiyot dasturining doimiy vakili Helena Freyzer, BMTning Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissarligi boshqarmasining Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy vakili Rishard Komenda, YEXHT demokratik institutlar va inson huquqlari byurosining demokratlashtirish masalalari boʻyicha departamenti rahbari Marchin Valeski ishtirok etdi.
– Prezident Shavkat Mirziyoyev 2017-yil sentyabr oyida boʻlib oʻtgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining 72-sessiyasida bir qator muhim xalqaro tashabbuslarni ilgari surgan edi, – dedi A.Saidov. – Davlatimiz rahbari BMT Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari bilan muloqoti chogʻida Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligi munosabati bilan Samarqand shahrida Inson huquqlari boʻyicha Osiyo forumini oʻtkazish taklifini bergan edi. Bu tashabbus xalqaro hamjamiyat tomonidan keng qoʻllab-quvvatlandi.
Brifingda qayd etilganidek, Prezidentimizning joriy yil 5 maydagi “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligiga bagʻishlangan tadbirlar dasturi toʻgʻrisida“gi farmoni forumni tashkil etish, unga tayyorgarlik koʻrishda bosh mezon boʻlib xizmat qildi.
Nufuzli tadbirda BMT, YEXHT, IHT kabi xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari, xorijiy mamlakatlar parlamentlari aʼzolari, inson huquqlari boʻyicha milliy institutlar va nodavlat notijorat tashkilotlari faollari, ekspertlar ishtirok etadi. Forum ishini mahalliy va xorijlik jurnalistlar yoritib boradi.
Forum sessiyalari “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi merosi – universallik va inson huquqlari”, “Inson huquqlari – Barqaror rivojlanish maqsadlarini taʼminlash asosi sifatida”, “Inson huquqlari sohasi taʼlimi: innovatsiyalar va yangi daʼvatlar”, “Inson huquqlari boʻyicha milliy institutlarning inson huquqlari hurmat qilinishi, himoya etilishi hamda ularga rioya qilinishini taʼminlash masalalarida davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan oʻzaro hamkorligi” deb atalgan boʻlib, ularda muayyan mavzular boʻyicha muloqot olib boriladi.
Forum ishida inson huquqlarini himoya qilish boʻyicha qitʼamizdagi mavjud mexanizmlarni yanada takomillashtirish va yangilarini taʼsis etish, inson huquqlari boʻyicha milliy institutlar oʻrtasida oʻzaro hamkorlikni taʼminlash yuzasidan amaliy tavsiyalar ishlab chiqish rejalashtirilgan.
Inson huquqlari boʻyicha Samarqand deklaratsiyasi qabul qilinishi kutilmoqda. Ushbu yakuniy hujjat Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va Barqaror rivojlanish maqsadlarida belgilangan vazifalarni yanada samarali bajarishga xizmat qiladi.