O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi tashabbusi bilan yangi nodavlat notijorat tashkiloti davlat roʻyxatidan oʻtkazildi
2018-11-20 | Jamiyat
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi Nodavlat notijorat tashkilotlar boʻlimi tomonidan 2018-yil 16-noyabr kuni Hududlarni iqtisodiy rivojlantirishga koʻmaklashish Markazining Qoraqalpogʻiston boʻlimi davlat roʻyxatidan oʻtkazildi.
Ushbu tashkilotning asosiy maqsadi Qoraqalpogʻiston Respublikasida ziyolilar salohiyatini birlashtirish, tadqiqot ishlarini olib borish orqali hududni iqtisodiy rivojlantirishga va modernizatsiyalashga koʻmaklashishdan iborat.
Maʼlumki, mamlakatimiz Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning joriy yilning 15-16-noyabr kunlari Qoraqalpogʻiston Respublikasiga tashrifi davomida bir qator ustuvor vazifalar belgilab berildi.
Markazning asosiy vazifalari qoʻydagilardan iborat:
- kelajakda mazkur markaz mahalliy hokimiyat organlariga hududlarni iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan dasturlarni ishlab chiqish va ularni amalga oshirishga yordam berish;
- aholining iqtisodiy faolligi va tadbirkorlar masʼuliyatini yuksaltirishga qaratilgan davra suhbatlar, treninglar oʻtkazish, hududda investitsion muhitni yaxshilash va hududlarga investitsiyalar jalb qilishga va eksport salohiyatini rivojlantirishga;
- hududlarda innovatsion tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy “texnopolis” va “klaster”larni rivojlantirishga koʻmaklashishdir.
Ushbu Markaz rahbari etib, Hududlarni iqtisodiy rivojlantirishga koʻmaklashish Markazi Boshqaruv Kengashining qarori bilan Ayzada Nurumbetova tayinlandi.