O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekiston va Yaponiya adliya vazirliklari oʻrtasidagi hamkorlik faollashmoqda
2018-11-20 | Jamiyat
Joriy yilning 19-noyabr kuni Adliya vazirligida Tadqiqot va oʻqitish institutining xalqaro hamkorlik departamenti direktori oʻrinbosari X. Ito boshchiligidagi Yaponiya Adliya vazirligi delegatsiyasi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Tomonlar mamlakatimiz sud-huquq tizimini takomillashtirish sohasida oʻzaro hamkorlik aloqalarini faollashtirish masalalarini muhokama qildi.
Uchrashuv chogʻida Adliya vazirligi Qonunchilik bosh boshqarmasi boshligʻi X. Meliyev mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, ularni huquqiy taʼminlash va bu borada vazirlik, xususan Qonunchilik bosh boshqarmasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida mehmonlarga maʼlum qilishdi.
Oʻz navbatida X. Ito ham Yaponiyada sud-huquq sohasida, jumladan Yaponiya Adliya tizimida boʻlgan oʻzgarishlar haqida maʼlumot taqdim etdi. Shu bilan birga, u qonun ijodkorligi sohasida mamlakatimizda amalga oshirilgan islohotlarga qiziqish bildirildi.Shuningdek tomonlar Oʻzbekiston Respublikasi va Yaponiya adliya vazirliklari oʻrtasida oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisidagi kelishuvni imzolash masalalarini muhokama qilishdi va 2019-yilning I choragida shu boʻyicha uchrashuv ishtirokchilari zarur choralarni koʻrishga kelishishdi.
Bundan tashqari 2019-yilning mart oyida Yaponiyada “Maʼmuriy tartib-taomillar toʻgʻrisida”gi Qonunning dolzarb jihatlari boʻyicha oʻzbek-yapon simpoziumi oʻtkazilishi bildirildi.
Uchrashuv ishtirokchilari qisqa muddatlar ichida adliya vazirlarining oʻzaro tashrifini tashkil qilish hamda boshqa sohalarga doir masalalarda ham oʻzaro fikr almashishdi.
Ochiq va konstruktiv muloqot ruhida oʻtgan uchrashuv yakunida tomonlar munosabatlarni yanada rivojlantirish va ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga tayyor ekanliklarini bildirishdi.
Maʼlumot uchun: Yaponiya delegatsiyasi Oʻzbekistonga joriy yilning 22-23-noyabr kunlari Samarqandda boʻlib oʻtadigan Inson huquqlari boʻyicha Osiyo forumi ishida ishtirok etish uchun tashrif buyurgan.