O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
AQSh Kongressi delegatsiyasi bilan uchrashuv
2018-11-19 | Siyosat
2018 yil 19 noyabr kuni Senatda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshevning Amerika Qo‘shma Shtatlari Kongressining Vakillar palatasi a’zosi, AQSh Kongressi “O‘zbekiston bo‘yicha kokus” (do‘stlik guruhi) raisi Trent Kelli boshchiligidagi delegatsiyasi bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda parlamentlararo hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari muhokama etildi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning joriy yil may oyidagi AQShga tarixiy tashrifi sharofati bilan O‘zbekiston va AQSh parlamentlari a’zolari o‘rtasida ikki tomonlama muloqot tobora faollashib bormoqda. Kongress Kutubxonasining “Ochiq dunyo” dasturi doirasida Oliy Majlis palatalari delegatsiyalarining AQShga safarlari ko‘paymoqda. Kongress vakillari mamlakatimizga tashrif buyurmoqda. Kuni-kecha ular Xelsinki komissiyasi tarkibida yurtimizda bo‘ldi.
AQSh kongressmenlari delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi AQShning mamlakatimiz bilan hamkorlikni kuchaytirishga bo‘lgan qiziqishi ortib borayotganidan darak beradi. AQSh Kongressida “O‘zbekiston bo‘yicha kokus” tuzilgani bu boradagi ulkan qadamdir. Kongressmenlarning ushbu norasmiy klubi parlamentlararo aloqalarni kengaytirish va chuqurlashtirish hamda O‘zbekiston va AQShdagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlar mohiyatini yaxshiroq tushunish imkonini beradi.
O‘zbekistonda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar mamlakatimizning yangi, zamonaviy qiyofasini shakllantirishga va chinakam demokratik huquqiy davlat barpo etishga hamda kuchli fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qaratilganligi ta’kidlandi.
Tomonlar O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, moliyaviy-investitsiyaviy va texnologik hamkorlikni rivojlantirish muhim ekaniga urg‘u berdilar. O‘zbekistonda ilg‘or xorijiy tajriba, jahon ilm-fanining zamonaviy yutuqlari, innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalar asosida iqtisodiyot va ijtimoiy sohaning ustuvor tarmoqlarini jadal innovatsion rivojlantirish bo‘yicha islohotlar amalga oshirilmoqda. Bularning barchasi iqtisodiyotni liberallashtirishga, erkin tadbirkorlik faoliyati uchun shart-sharoitlar yaratishga va investitsiya muhitini yaxshilashga qaratilgan. Hozirgi vaqtda mamlakatimizda “Jeneral Elektrik”, “Jeneral Motors”, “Jon Diir”, “Boing”, “Xaneyvel”, “Koka Kola” kabi AQShning qator yirik kompaniyalari faol ish olib bormoqda.
Shuningdek, uchrashuvda mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash, eng avvalo, Afg‘onistonni barqarorlashtirish va tiklash masalalari bo‘yicha ikki mamlakatning o‘zaro hamkorligi masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Tomonlar o‘zaro manfaatli boshqa masalalarni ham muhokama qildilar.