O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Tibbiyotga innovatsiyalar: oʻzbek-xitoy ilmiy-texnologik parki ishga tushmoqda
2018-11-19 | Innovatsiya
Yaqin kunlarda poytaxtimizning Yunusobod tumanida Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan hamkorlikda oʻzbek-xitoy ilmiy-texnologik parki ishga tushirilishi kutilmoqda. Anʼanaviy sharq davolash usullari asosidagi Xitoy tibbiyot markaziga bugunga kelib 20 million AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritilgan boʻlib, 300 ta ish oʻrni tashkil etilishi nazarda tutilgan. Bu markazning oʻziga xosligi shundan iboratki, unda ham sharq tabobatining asrlar davomida sinovdan oʻtgan davolash uslublari, ham gʻarb tibbiyotining ilgʻor natijalaridan foydalaniladi.
Bugungi kunga kelib dori preparatlarining 8 xil koʻrinishdagi (tabletkalar, kapsulalar, suyuq koʻrinishdagi va b.) turlarini ishlab chiqaradigan farmatsevtika zavodi qurib bitirildi. Zavod yuqori xalqaro standartlarga toʻliq javob beradi va GMP (Good Manufacturing Practic – dori vositalari, tibbiyot uskunalari, diagnostika jihozlari, oziq-ovqat mahsulotlari, biologik faol qoʻshimchalarni ishlab chiqarish meʼyorlari, qoidalari va koʻrsatmalarini mujassam etgan xalqaro tizim boʻlib, maʼlum preparat yaratilganida belgilangan talablarga mos ravishda hamda mazkur preparatni roʻyxatdan oʻtkazuvchi organning talablari asosida preparat ishlab chiqarilishini taʼminlaydi) talablariga mosligi bilan ahamiyatga molik. Mazkur tibbiyot maskanining qurilishiga Xitoy Xalq Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti Bay Chunli (Bai Chunli) hamda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Biorganik kimyo instituti direktori Shavkat Solihov tamal toshlarini qoʻyishgan boʻlib, hozirda 6000 kv. m maydonli 4 qavatli tibbiy diagnostika markazining korpusi va uchta mehmonxona binolarining qurilishi yakunlanmoqda.
Bino qurilgani bilan malakali kadrlar boʻlmasa, yuqori texnologik tibbiyot uskunalarini ishlatishga qodir xodimlar boʻlmasa, bularning hammasi bekor, degan shubhalarning paydo boʻlishi ham oʻrinli. Ammo bu masalada ham qator ishlar qilinganligi markazning muvaffaqiyatli faoliyatiga zamin yaratadi. Gap shundaki, bir necha yillar davomida Sinszyan texnik fizika va kimyo instituti, Shanxay Tibbiyot materiallari instituti bilan OʻzR FAning Bioorganik kimyo va Oʻsimlik moddalari kimyosi institutlari bilan yosh olimlarni oʻqitish boʻyicha samarali hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Tibbiy kimyo, rekominant oqsillar va peptidlar texnologiyasi, preparatlarni biokimyoviy faolligini skrining qilishga doir ikki yillik PhD dasturlar boʻyicha mutaxassislar tayyorlandi, jumladan, 8 nafar yosh olim oʻz yoʻnalishlari boʻyicha dissertatsiyalar himoya qildi. Bundan tashqari, Oʻzbekiston FA Institutlarining 20 nafar ilmiy xodimlari har yili Xitoy Fanlar akademiyasining Sinszyan texnik fizika va kimyo institutida malakalarini oshirib qaytmoqdalar.
Zavod qurilishi import oʻrnini bosuvchi generik dorilarni ishlab chiqarish va ularning tannarxini arzonlashtirishga xizmat qiladi. Bu esa hududimizdagi kasalliklarni oldini olish va ularni davolashga moʻljallangan yangi original dori vositalardan foydalanish imkonini beradi. Oʻz navbatida, ilmiy muassasalarda yaratilgan yangi dori vositalarni amaliyotga tatbiq etishda tajriba-sinov va texnologik reglamentlarni yaratish uchun amaliy yordam beradi. Farmatseftik kompaniyalarda ishlayotgan mahalliy texnik kadrlarning malakasini oshirishga koʻmaklashish, zamonaviy tashhislash jarayoniga xorijiy klinikalarning yetakchi mutaxassislari ishtirokida konsalting xizmatlarini tashkillashtirish ham markaz oldiga qoʻygan vazifalardandir. Shuningdek, klinika joylashgan hududda yashovchi, ijtimoiy qiynalgan 100 ta oilaga xar yili 1 marta yengillashtirilgan tibbiy xizmat koʻrsatish ham rejalashtirilgan.
Mazkur oʻzbek-xitoy ilmiy texnologik parki kadrlar tayyorlash va zamonaviy ilm-fan natijalarini amaliyotga jalb etishning oʻziga xos platformasini shakllantirish orqali fan, taʼlim va ishlab-chiqarishning oʻzaro integratsiyalash natijasida oʻziga xos namunaviy innovatsion klasterni yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda.