O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Turizm sohasidagi xalqaro investitsiya forumi boshlandi
2018-11-19 | Turizm
“Oʻzekspomarkaz“da 19-noyabr kuni mamlakatimizda turizm sanoatini jadal rivojlantirish va toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etishni ragʻbatlantirishgabagʻishlangan Turizm sohasidagi birinchi xalqaro investitsiya forumi ochildi.
Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish va Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitalari tomonidan mamlakatimiz Tashqi ishlar, Tashqi savdo vazirliklari hamda Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda oʻtkazilmoqda.
Forumda AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Ispaniya, Italiya, Avstriya, Belgiya, Rossiya, Turkiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, Singapur, Malayziya, BAA, Markaziy Osiyo davlatlari, Afgʻoniston kabi jami 48 mamlakatdan 300 dan ziyod ishtirokchi, shuningdek, xalqaro tashkilotlar, yirik xorijiy kompaniyalar vakillari qatnashmoqda.
Xalqaro forumning ochilishida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari A.Abduhakimov, Turizm orqali tinchlik xalqaro instituti qoshidagi Xalqaro maslahat kengashi raisi T.Rifai, YETTBning mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari A.Drakinos, Xalqaro moliya korporatsiyasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi rahbari K.Kolbert va boshqalar Oʻzbekistonning turizm sohasidagi salohiyatini roʻyobga chiqarish hamda jahon turizm bozorida targʻib qilishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilayotganini taʼkidladi.
Mazkur forum xalqaro ishbilarmon doira vakillarini mamlakatimizning turizm sohasidagi imkoniyatlari, iqtisodiy rivojlanish darajasi bilan yaqindan tanishtirish, ishbilarmon doira vakillari va sarmoyadorlar uchun qulay biznes sharoiti yaratishga xizmat qilishi qayd etildi.
Tadbirda BMT Jahon sayyohlik tashkiloti bosh kotibi oʻrinbosari Xaime Alberto Kabalning forum ishtirokchilariga videomurojaati namoyish etildi.
Mamlakatimizda turizmni ommalashtirish boʻyicha oʻzaro muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish, sayyohlikning yangi turlarini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 2-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi farmoni ijrosi doirasida xalqaro andozalarga javob beradigan zamonaviy infratuzilma yaratish ishlari jadal olib borilmoqda.
Bugungi kunda Oʻzbekistonda 18 mamlakat uchun vizasiz tartib, 50 mamlakat uchun viza olishning soddalashtirilgan tartibi joriy etilgan. Tranzit parvozlarni amalga oshirayotgan fuqarolar uchun mamlakatimizda boʻlish imkoniyati yaratilgani 101 davlatdan keladigan sayyohlar oqimini sezilarli oshirish imkonini bermoqda. Elektron viza tizimining ishga tushirilishi tufayli oʻtgan uch oy mobaynida ushbu xizmat turidan foydalanganlar qariyb 20 ming nafarga yetdi.
Natijada joriy yilning 10 oyi mobaynida Oʻzbekistonga tashrif buyuruvchi xorijiy sayyohlar soni 4,4 milliondan oshdi. Bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan ikki barobar koʻp deganidir. Yil oxirigacha sayyohlar soni 5 millionga yetishi kutilmoqda.
Buyuk ipak yoʻli markazida joylashgan mamlakatimiz qadim shaharlari betakror tarixiy obidalar, rang-barang urf-odat va anʼanalarga boyligi bilan ajralib turadi. Oʻzbekistonning mintaqada qulay geografik hududda joylashgani bu kabi asriy tamaddun yutuqlari boʻylab sayyohlikni keng ommalashtirish imkonini bermoqda. Bu yurtimizda sayyohlik sohasidagi investitsiyaviy loyihalarni roʻyobga chiqarishning muhim omili boʻlmoqda.
Forumda ishtirokchilarga tadbirkorlarning investitsiya sohasidagi faolligini oshirish, jumladan, sayyohlik sohasidagi ishbilarmonlarga soliq va bojxona imtiyozlari berish, litsenziyalash va sertifikatlashtirish tartibi haqida maʼlumotlar berildi.
– Oʻzbekistonda xususiy sektorning turizm sanoatidagi ishtiroki kengayib bormoqda, – deydi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi maslahatchisi, turkiyalik Sodiq Badak. – Ular sayyohlikni rivojlantirish boʻyicha qator tashabbuslar bilan chiqmoqda. Oʻzbekistondagi faoliyatim orqali ayni shu tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan uyushmalar faoliyatini tashkil etish boʻyicha loyihalar ustida ishlamoqdamiz. Shuningdek, Oʻzbekistonning qoʻshni mamlakatlar bilan yaqin doʻstligi mintaqada turizmni jadal rivojlantirish, buning uchun zarur infratuzilmani har tomonlama taraqqiy ettirish imkonini beradi.
Tadbirda AQSH, Xitoy, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya, Niderlandiya, Singapur va Turkiya kabi davlatlardagi yirik xorijiy investitsiya kompaniyalari mamlakatimizda turli infratuzilma obyektlarini barpo etishda qoʻshma loyihalarni ishlab chiqishga qiziqish bildirdi.
Xalqaro savdo markazida oʻtgan (ITC) forumning sessiya yigʻilishlarida mehmonxona biznesiga investitsiya kiritish, sarmoya ajratish majburiyatlari boʻyicha bino va inshootlar, yer maydonlari berishni koʻzda tutuvchi loyiha takliflari muhokama qilindi. Transport va logistika yoʻnalishlari, “loukoster“ aviakompaniyalar va temir yoʻl transporti, shuningdek, mamlakatimizda etnoqishloqlar, tematik bogʻlar qurish boʻyicha xorijiy va mahalliy ekspertlarning maʼruzalari tinglandi. Turizm sohasida innovatsion texnologiyalar va interfaol tizimni joriy etish istiqbollari yuzasidan ikki tomonlama uchrashuvlar, muzokaralar boʻlib oʻtdi.
Forumda mamlakatimizning barcha hududlaridan 500 dan ziyod investitsiya loyihalari, jumladan, “Chorvoq“ erkin turistik zonasi, “Samarkand city“, “Qadimiy Buxoro“, Surxondaryo viloyatidagi kichik sayyohlik hududlari hamda “Olmazor city“ va Toshkent shahrining Fargʻona yoʻli loyihalari namoyish etildi.
– Oʻzbekistonda turizm industriyasini jadal rivojlantirish boʻyicha keng koʻlamli islohotlar olib borilmoqda, – deydi Hindistonning “Cox & Kings Global Services“ kompaniyasi vakili Santanu Bhattacharya. – Faoliyatimiz doirasida turli mamlakatlar uchun turizm boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqamiz. Bu jarayonda innovatsion yechimlar ishlab chiqiladi. Forum doirasida yurtingizning turizm salohiyati, taqdim etilayotgan xizmat turlari haqida batafsil maʼlumotga ega boʻldik. Bu orqali Oʻzbekistonga investitsiya kiritish, xususan, turizm biznesini tashkil qilish istagidagi chet ellik hamkorlarni jalb qilishimiz mumkin.
Tadbir ishtirokchilari “Oʻzekspomarkaz“ milliy koʻrgazmalar majmuasida tashkil qilingan milliy hunarmandlik mahsulotlari koʻrgazmasi va viloyatlarning turistik imkoniyatlari bilan tanishdi.
Forum 21-noyabrga qadar davom etadi. Uning doirasida B2B va B2G formatdagi uchrashuvlar oʻtkaziladi. Forum natijalari boʻyicha mamlakatimizning tegishli vazirlik va idoralari, ishbilarmon doira vakillarining xorijiy investorlar bilan qator sohalarda hamkorlikka oid bitimlar imzolashi kutilmoqda.