O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

2019-yil Byudjetnomasi deputatlar tomonidan qizgʻin muhokama qilindi

2018-11-19 | Iqtisodiyot

2018-yil 17-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda deputatlar Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yilgi Davlat byudjeti, davlat maqsadli jamgʻarmalarining byudjetlari hamda soliq va byudjet siyosatining asosiy yoʻnalishlarini koʻrib chiqdilar.

Majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari — moliya vaziri J.Qoʻchqorov maʼruza qildi.

Dastavval parlament quyi palatasining barcha qoʻmitalari, siyosiy partiyalar fraksiyalari va Oʻzbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhi majlislarida ushbu masalaning dastlabki muhokamalari oʻtkazilgan edi.

Majlisda qayd etilganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim qilingan 2019-yilgi Byudjetnoma Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlangan 2017–2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalardan kelib chiqqan holda, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Byudjet kodeksining 96-moddasi qoidalariga muvofiq ishlab chiqilib, parlamentga kiritilgan.

Mamlakatning bosh moliyaviy hujjatini taqdim etish amaliyotida birinchi marta 2019–2021-yillarda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari prognozi berildi. Unda fiskal koʻrsatkichlarga taʼsir koʻrsatuvchi asosiy tashqi va ichki omillar, 2019–2021-yillarga oid soliq-byudjet siyosatining strategiyasi, 2019-yilga moʻljallangan va 2020–2021-yillarga prognoz qilingan fiskal xavflar, 2019–2021-yillarga moʻljallangan Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalarining byudjetlari parametrlari kabi masalalar oʻz aksini topgan. Iqtisodiyotni modernizatsiya va diversifikatsiya qilishni taʼminlashga, iqtisodiyot sektorlarining makroiqtisodiy koʻrsatkichlarning yuqori surʼatlarda oʻsishiga erishishga, aholi farovonligini yuksaltirishga qaratilgan investitsiyaviy jozibadorlik hamda ishchanlik muhitini oshirishga doir chora-tadbirlarni izchil amalga oshirish nazarda tutilgan.

Majlisda qayd etilganidek, 2019-yilda yalpi ichki mahsulotning oʻsishi keyingi yillarda uning ijobiy dinamikasini saqlab qolgan holda 5,4 foiz (2020-yilda 6,0 foiz, 2021-yilda 7,0 foiz) miqdorda boʻlishi nazarda tutilmoqda. Xususan, sanoat ishlab chiqarishi hajmi 4,9 foiz, qurilishda 8,4 foiz, qishloq xoʻjaligida 3,3 foiz va xizmatlar sohasida 6,2 foiz koʻpayadi, asosiy kapitalga investitsiyalar 17,0 foiz, tovarlar va xizmatlar eksporti 15,5 foiz hamda import 6,3 foiz oʻsadi.

2019-yilgi soliq siyosatining asosiy yoʻnalishlari Prezidentimizning 2018-yil 29-iyunda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq ishlab chiqilgan. Unga koʻra, barcha fuqarolar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻining yagona stavkasini 12 foiz miqdorida joriy etish, shundan 0,1 foizini shaxsiy jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga yoʻnaltirish, yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi stavkasini 14 foizdan 12 foizgacha, tijorat banklari uchun 22 foizdan 20 foizgacha pasaytirish, fuqarolarning mehnat haqi tarzidagi daromadlaridan byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga ushlab qolinadigan sugʻurta badallarini bekor qilish nazarda tutilmoqda. Umuman olganda, taklif etilayotgan chora-tadbirlar amalga oshirilishi hisobiga soliqlar va majburiy toʻlovlarning turi 19 tadan 15 tagacha kamayadi.

2019-yilga moʻljallangan Byudjet siyosati puxta oʻylangan fiskal siyosatni amalga oshirishga, iqtisodiy koʻrsatkichlarning mutanosib oʻsishiga va mamlakat moliyaviy tizimining barqarorligini taʼminlashga qaratilgan.

Byudjet mablagʻlarini rejalashtirish samaradorligini, ulardan foydalanish natijadorligini oshirishga hamda byudjetlararo munosabatlarni takomillashtirishga yoʻnaltirilgan bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilmoqda. Xususan, Davlat byudjetini rejalashtirish va ijro etish jarayonini, byudjetlararo munosabatlarni takomillashtirish, tegishli viloyatlar, tumanlar va shaharlarning soliq toʻlash imkoniyatlarini kengaytirishdan mahalliy davlat hokimiyati organlarining manfaatdorligini oshirish, byudjetning barqarorligini taʼminlash uchun byudjetga qatʼiy rioya etilishiga erishish, byudjet tizimida byudjetlarning moliyaviy oqimlarini uygʻunlashtirish kabilar shular jumlasidandir. Byudjetni rejalashtirishning barqarorligini oshirish maqsadida prognoz yili uchun Davlat byudjetini va keyingi ikki yilga moʻljallangan byudjet yoʻnalishlarini tasdiqlash yoʻli bilan oʻrta muddatga moʻljallangan byudjetni rejalashtirish mexanizmini joriy etish taklif qilinmoqda.

2019-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti daromadlarining tushumi 102,6 trln. soʻm yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 24,2 foiz darajasida boʻlishi prognoz qilinmoqda. Davlat byudjetiga tushumlarning joriy yil koʻrsatkichiga nisbatan 37,8 foiz oʻsishi rejalashtirilmoqda.

Davlat byudjeti daromad qismining tushumi bevosita soliqlar boʻyicha daromadlar hisobiga 20,7 trln. soʻm, bilvosita soliqlar boʻyicha 55,5 trln. soʻm miqdorida, resurs soliqlar va mol-mulkka solinadigan soliqlar boʻyicha 14,6 trln. soʻm, yer osti boyliklaridan foydalanganlik uchun soliqlar boʻyicha 10,7 trln. soʻm, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqlar boʻyicha 0,3 trln. soʻm miqdorida boʻlishi kutilmoqda.

2019-yilda Davlat byudjetining xarajatlari 107,1 trln. soʻmni tashkil etadi. Bu oʻtgan yildagiga nisbatan 1,4 baravar koʻp boʻlib, bunda Davlat byudjetining xarajatlari asosan ijtimoiy sohalarga yoʻnaltiriladi. Jumladan, ijtimoiy soha xarajatlari 57,8 trln. soʻmni yoki umumiy xarajatlarga nisbatan 54,0 foizni tashkil etadi. Bunda ushbu xarajatlarning oʻsishi avvalgi yilga nisbatan 34,4 foiz koʻpayadi.

Maktabgacha taʼlim muassasalarini moliyalashtirishga 4,0 trln. soʻm, umumiy taʼlimga 17,1 trln. soʻm yoʻnaltiriladi, kadrlar tayyorlashga ajratiladigan mablagʻlar 3,8 trln. soʻmni tashkil etadi.

Sogʻliqni saqlashni moliyalashtirishga esa,12,1 trln. soʻm yoʻnaltiriladi yoki avvalgi yilga nisbatan 30,5 foiz oʻsish bilan umumiy xarajatlarga nisbatan 11,3 foizni tashkil etadi.

Madaniyatni moliyalashtirish uchun 1,0 trln. soʻm, ilm-fanga 0,8 trln. soʻm yoʻnaltiriladi. Ijtimoiy nafaqalar, kam taʼminlangan oilalarga moddiy yordam toʻlash va kompensatsiya toʻlovlari uchun xarajatlar oʻtgan yildagiga nisbatan 61,8 foiz oshgan holda 5 267,2 mlrd. soʻmni tashkil etadi.

“Obod qishloq” va “Obod mahalla” davlat dasturlarini amalga oshirish uchun barcha moliyalashtirish manbalari hisobidan 6,3 trln. soʻm yoʻnaltiriladi, bu esa, 478 ta aholi punktida turmush sharoitlari yaxshilanishini taʼminlaydi.

Davlat dasturlarini amalga oshirish doirasida 2019-yilda 372 ta obyektda ichimlik suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimini rekonstruksiya qilish hamda modernizatsiyalash, 1 916,1 km uzunlikdagi suv oʻtkazish tarmogʻini qurish va rekonstruksiya qilish nazarda tutilmoqda. Koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida markazlashgan suv taʼminotini qamrab olish 2019 yilda 77,0 foizga yetadi.

Umuman olganda, 2019-yilgi Byudjetnomada nazarda tutilgan daromadlarning izchil oʻsishi, soliq siyosatida joriy etilayotgan tub oʻzgarishlar aholining turmush sharoitlarini yaxshilashga qaratilgani bilan ahamiyatli ekani taʼkidlandi.

Majlisda Byudjetnoma hamda uning asosiy yoʻnalishlari deputatlar tomonidan har tomonlama muhokama etildi.

Byudjet mablagʻlaridan samarali foydalanishda taʼsirchan jamoatchilik va parlament nazoratini amalga oshirish dolzarb ahamiyat kasb etadi. Mahalliy byudjetlarning daromad manbai mustahkamlanishini va ularning mustaqilligi izchil oshirib borilishini hisobga olgan holda, mahalliy vakillik organlari vakolat va imkoniyatlaridan oqilona foydalanilishini, byudjetga tushumlar toʻliq boʻlishini taʼminlash ishiga faol qoʻshilishlari talab etiladi. Bu borada parlament xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari korpusiga har tomonlama yordam koʻrsatishi taʼkidlab oʻtildi.

Shu bilan birga, majlisda Hukumatga siyosiy partiyalar fraksiyalari, Oʻzbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhining taklif va fikr-mulohazalari, shuningdek, aholining Qonunchilik palatasi deputatlari bilan joylarda oʻtkazilgan uchrashuvlar chogʻida bildirilgan fikrlari hamda takliflarini inobatga olish taklif etildi.

Parlament vakillarining bosh moliyaviy hujjat loyihasi yuzasidan bergan savollariga Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari — moliya vaziri J.Qoʻchqorov atroflicha javob qaytardi.

Yigʻilishda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov soʻzga chiqdi.

Barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari va Ekologik harakat deputatlar guruhining soʻzga chiqqan vakillari Hukumat tomonidan taqdim etilgan Oʻzbekiston Respublikasining 2019 yilgi Davlat byudjeti, davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlari hamda soliq va byudjet siyosatining asosiy yoʻnalishlarini qoʻllab-quvvatlashni taklif etdilar. Loyiha Qonunchilik palatasi tomonidan tasdiqlandi.

Поделиться