O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
AQSH Kongressi aʼzolari bilan uchrashuv
2018-11-19 | Siyosat
2018-yilning 19-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov mamlakatimizda boʻlib turgan “Oʻzbekiston boʻyicha kokus” hamraislari Trent Kelli va Visente Gonsaliz boshchiligidagi AQSH Kongressi Vakillar palatasi aʼzolari guruhi bilan uchrashdi.
Delegatsiya tarkibidan Vakillar palatasi muhim qoʻmitalarining respublikachi va demokrat aʼzolari oʻrin olgan.
Vazir, avvalo, kongressmenlarni yaqinda boʻlib oʻtgan oraliq saylovlarda qayta saylanganlari bilan tabrikladi va AQSH Kongressining quyi palatasida ikki tomonlama munosabatlar tarixida ilk bor “Oʻzbekiston boʻyicha kokus”ning tuzilganligini eʼtirof etdi.
Boʻlib oʻtgan suhbatda Prezident Shavkat Mirziyoyevning may oyidagi AQSHga rasmiy tashrifi va uning Prezident Donald Tramp bilan olib borgan sermahsul muzokaralari natijasida keng qamrovlik va jadallik kasb etayotgan Oʻzbekiston-Amerika kun tartibining dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda oʻzbekistonlik va amerikalik parlamentariylar oʻrtasidagi aloqalarni kengaytirish, Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasidagi izchil rivojlanayotgan hamkorlikning ijobiy jarayonlarni qonuniy mustahkamlash istiqbollari koʻrib chiqildi.
Suhbatda AQSHning Oʻzbekistondagi Muvaqqat ishlar vakili Alan Melser ishtirok etdi.