O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Surxondaryo viloyati hokimining navbatdagi qabuli Jarqoʻrgʻon tumanida oʻtkazildi
2018-11-19 | Jamiyat
Tuman madaniyat uyida oʻtkazilgan navbatdagi sayyor qabul fuqarolarning kundalik hayotdagi mavjud muammolarni qonun doirasida hal qilish, amaliy yordam koʻrsatish, huquq va manfaatlarini himoya qilib, adolat mezonini qaror toptirishga qaratildi. Unga viloyat, tuman hokimliklari mutasaddilari, sektorlar hamda 100 dan ziyod idora va tashkilotlar rahbarlari, Xalq qabulxonasi vakillari jalb etildi.
Qabul davomida aholi tomonidan yoʻllarni taʼmirlash, toza ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash, kommunal sohadagi kamchiliklarni bartaraf etish, uy-joy bilan taʼminlash, tibbiy xizmat koʻrsatish sifatini yaxshilash tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish oʻrinlarini yaratish singari 133 ta masala yuzasidan murojaatlar tushdi.
Joyida hal qilish imkoni boʻlgan ogʻzaki murojaatlar yuzasidan ularning talablari qanoatlantirildi. Atroflicha oʻrganishni taqozo etadigan dolzarb masalalarni hal etish yuzasidan yechimini topish vakolatiga ega boʻlgan davlat idoralariga muddat belgilanib, tegishli organlar tomonidan nazoratga olingan holda topshiriqlar berildi.
Shu kuni tuman markaziy poliklinikasi, Kokaydi qoʻrgʻonidagi Bobur nomli MFY hamda “Surxon” hududiy boʻlimida viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi tasarrufidagi tibbiyot muassasalarining malakali shifokorlari tomonidan aholi salomatligini mustahkamlashga qaratilgan bepul tibbiy koʻrik ham tashkil etildi.