O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Davlat byudjeti deputatlar tomonidan qizgʻin muhokama qilinmoqda
2018-11-16 | Iqtisodiyot
2018-yil 16-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi Oʻzbekiston Ekologik harakati deputatlari guruhi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari hamda Sanoat, qurilish va savdo masalalari qoʻmitalari hamkorligida kengaytirilgan yigʻilish boʻlib oʻtdi. Unda deputatlar tomonidan tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, ekspertlar, mutaxassislar hamda jurnalistlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining, davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining 2018-yil toʻqqiz oylik ijrosi yuzasidan hisobot hamda 2019-2021-yillarga moʻljallangan byudjetnoma loyihalari, soliq va byudjet siyosatining asosiy yoʻnalishlari muhokama etildi.
Joriy yilning 9 oyligi yakuniga koʻra mamlakatning yalpi ichki mahsuloti qariyb 244,3 trln. soʻmni tashkil etib, YAIM qiymati oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 5,2 % ga oʻsgan. Daromadlarning bir maromda turishini hamda byudjet mablagʻlaridan samarali foydalanishni taʼminlash orqali Davlat byudjeti 57,2 mlrd. soʻm miqdorida profitsit bilan ijro etildi.
Shuningdek, yigʻilishda Davlat byudjetida mamlakatimizda ekologiya va atrof-muhitni muhofazalash yoʻnalishida amalga oshirilishi koʻzda tutilgan ishlarga ajratilgan mablagʻlarning samarali oʻzlashtirilishi masalasi ham muhokama markazida boʻldi.
Qayd etilganidek, 2018-yil 9-oyida tabiatni muhofaza qilish tadbirlari uchun Davlat byudjeti hisobidan 254,7 mlrd. soʻm sarflangan. Shu bilan birga, aholi punktlarini obodonlashtirish xarajatlariga jami 1 032,7 mlrd. soʻm mablagʻlar ajratilgan.
2018-yilda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirish dasturiga binoan tasdiqlangan manzilli roʻyxatga asosan, Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 370 ta obyektda qurilish, rekonstruksiya, kapital taʼmirash va obodonlashtirish ishlari koʻzda tutilgan. Ushbu maqsadlar yoʻlida Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻyicha 224 ta obyekt qurishlar uchun 149,3 mlrd. soʻm, Xorazm viloyati boʻyicha esa 146 ta obyekt barpo etishga 85,4 mlrd. soʻm, jami 234,7 mlrd. soʻm mablagʻ yoʻnaltirilgan. Bu belgilangan reja 100 foiz bajarilganini anglatadi.
Yigʻilishda Davlat byudjetini prognoz yil uchun va kelgusi ikki yilga byudjet moʻljallarini tasdiqlash orqali oʻrta muddatli byudjetni rejalashtirish mexanizmini joriy qilish taklif etildi.
2019-yilgi Davlat byudjeti loyihasida tabiatni muhofaza qilish ishlariga 215,0 mlrd. soʻm ajratilishi koʻzda tutilgan. Shu jumladan, “Toza hudud” davlat unitar korxonalari orqali 2017-2021-yillarga moʻljallangan qattiq maishiy chiqindilarni yigʻish, saqlash, yoʻq qilish va qayta ishlash tizimini takomillashtirish dasturini amalga oshirish uchun 163,4 mlrd. soʻm yoʻnaltirilishi koʻzda tutilgan. Qabul qilingan Davlat dasturlariga muvofiq, 352 ta tirkamali traktor va 110 ta chiqindi tashuvchi mashina sotib olish, 239,8 km sanitariya tozalash tashkilotlarining poligonlariga kirishni asfaltlash va 96 ta qattiq maishiy chiqindilar poligonlarini qurish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, Ugam-Chotqol davlat milliy tabiat bogʻini saqlash xarajatlari uchun 28 mlrd. soʻm ajratilishi koʻzda tutilgan. Veterinariya xizmatlarini moliyalashtirish va epizootik xavfsizlikni taʼminlash uchun byudjet harajatlari joriy yilga nisbatan 2 baravarga oshib, 97,0 mlrd. soʻmni tashkil etadi. Hayvonlarni davolash, yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish maqsadida harajatlarni ikki barobarga oshirish rejalashtirilgan boʻlib, natijada vaksina sotib olish harajatlari miqdori 103 mlrd. soʻmni tashkil etadi.
Yigʻilishda, shuningdek, sanoatni rivojlantirish, qurilish sohasiga ajratilgan mablagʻlarning sarflanishi holatiga ham eʼtibor qaratildi. Taʼkidlab oʻtilganidek, qoʻshimcha qiymat soligʻidan asosiy oʻsish surʼatlari neft va gaz, qurilish materiallari ishlab chiqarish hamda avtomobil sanoatiga toʻgʻri kelmoqda. Aksiz soligʻidan oʻsish surʼati esa, tabiiy gaz realizatsiyasi va avtomobil sanoati tarmoqlarida eng yuqori koʻrsatkichni tashkil qilmoqda.
Dastur yakuni bilan respublika hududlarida yashovchi 400 mingdan ortiq aholining markazlashgan ichimlik suv taʼminoti yaxshilanishi kutilmoqda.
Transport infratuzilmasini yaxshilash orqali iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-fevraldagi “2017-2018-yillarda hududiy avtomobil yoʻllarini rivojlantirish Dasturi toʻgʻrisida” gi qarorining ijrosini taʼminlash borasida joriy yilning 1-oktabr holatiga, Avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasi tuzilmasidagi pudrat korxonalari tomonidan 140,9 mlrd. soʻmlik 1 192,6 km ichki yoʻllarda joriy va mukammal taʼmirlash amalga oshirilgan boʻlib, bajarilgan ishlar qiymati toʻliq moliyalashtirib berilgan.
Shu oʻrinda qayd etish joizki, joriy yilning 9 oyi davomida mamlakatimizda jami 33 652,9 mlrd. soʻmlik qurilish ishlari bajarilgan boʻlib, oʻsish surʼati oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 107,4 foizni tashkil etdi.
Tadbirda qayd etilganidek, keyingi ikki yil davomida uzoq istiqbolli marralarni zabt etishga qaratilgan, strategik jihatdan chuqur oʻylangan, dunyoda va turli mintaqalarda yuz berayotgan oʻta murakkab voqea-hodisalarning mohiyatidan kelib chiqilgan holda, valyuta va narx siyosatining erkinlashuvi, qishloq xoʻjaligida hisob-kitoblarning tartibga solinishi hamda kapital quyilmalar oshishi erishilishi byudjet daromadlari koʻpayishiga ijobiy taʼsir koʻrsatdi.
Deputatlar kelgusi yil byudjetnomasi loyihasida byudjet daromadlari izchil oshishi, soliq tizimida joriy etiladigan tarixiy oʻzgarishlar natijasida aholi va biznesga katta yengilliklar yaratilishi nazarda tutilayotganiga eʼtibor qaratdilar. Chunonchi, tushumdan olinadigan majburiy ajratmalar toʻliq bekor qilinishi hisobidan korxonalarda yana 5,2 trillion soʻm daromad qoldirilishi, jismoniy shaxslar uchun daromad soligʻining eng yuqori stavkasi 12 foizgacha, yagona ijtimoiy toʻlovi 15 foizgacha tushirilishi, fuqarolarning 8 foizlik sugʻurta badali bekor qilinishi natijasida aholi daromadlari 6,5 foizga oshishi kutilmoqda.
Yigʻilish davomida deputatlar tomonidan qator takliflar bildirildi. Xususan, avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasi tomonidan bitum mahsulotlarining oʻz vaqtida, yetarli xajmlarda yetkazib berish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish hamda ichki yoʻllarni joriy va mukammal taʼmirlash ishlariga qaratilgan mablagʻlar koʻlamini kengaytirish, shuningdek, Davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining loyihalarini ishlab chiqishda oshkora va shaffof mexanizmlarni qoʻllashni tavsiya etildi.
Yigʻilish yakunida muhokamalar davomida bildirilgan fikr-mulohazalar va takliflarni inobatga olgan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining 2018-yilning 9 oyligidagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotini tasdiqlash haqida, shuningdek, kelgusi 2019-yilga moʻljallangan makroiqtisodiy koʻrsatkichlar, soliq va byudjet siyosatining asosiy yoʻnalishlari loyihalarini Qonunchilik palatasi muhokamasi kun tartibiga kiritish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.