O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Muqobil energiya boʻyicha mutaxassislar tayyorlashda Yevropa ittifoqi bilan hamkorlik kengaytiriladi
2018-11-16 | Jamiyat
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasida malakali kadrlar tayyorlash, bunda jahonning ilgʻor tajribalarni joriy etish maqsadida xalqaro hamkorlik aloqalarini izchil rivojlantirib bormoqda.
Yurtimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan unumli foydalanish masalasiga mamlakatni barqaror rivojlantirish va iqtisodiy raqobatbardoshlikni taʼminlashning muhim omili sifatida alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bunda yuqori malakali va zamonaviy bilimlarga ega kadrlarga ehtiyoj ortib bormoqda.
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasida malakali kadrlar tayyorlash, bunda jahonning ilgʻor tajribalarini joriy etish maqsadida xalqaro hamkorlik aloqalarini izchil rivojlantirib bormoqda.
Jumladan, qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasida magistr kadrlar tayyorlash boʻyicha Yevropa ittifoqining ERASMUS+ dasturi bilan yaqindan hamkorlik qilib kelinmoqda.
Oʻzbekiston oliy oʻquv yurtlarida Yevropa standartlariga javob beradigan magistratura dasturini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish boʻyicha ERASMUS+ dasturi tomonidan qoʻllab quvvatlanayotgan loyihalar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, “RENES: Qayta tiklanuvchi energiya manbalari va barqaror atrof muhit boʻyicha magistratura dasturini ishlab chiqish” loyihasi doirasida Oʻzbekistondagi 6 ta oliy taʼlim muassasasining qayta tiklanuvchi energiya manbalari va atrof muhit muhofazasi boʻyicha salohiyatini mustahkamlash boʻyicha ishlar olib borilmoqda.
Hamkorlik natijasida 2018-yilda “Qayta tiklanuvchi energiya manbalari va barqaror atrof-muhit fizikasi” mutaxassisligi boʻyicha magistratura ochilib, Andijon, Urganch va Qarshi davlat universitetlarida talabalar oʻqishga qabul qilindi.
Loyiha doirasida qayta tiklanuvchi energiya manbalari va barqaror atrof muhit boʻyicha Yevropa standartlariga mos keladigan 12 ta kursdan iborat magistratura toʻliq oʻquv dasturlarini ishlab chiqish boshlandi.
Shu yilning 14-noyabr kuni Italiyaning LʼAkvila universitetida loyiha ishtirokchilarining uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Unda ishtirok etayotgan Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va oliy taʼlim muassasalari vakillaridan iborat delegatsiyasi qayta tiklanuvchi energiya manbalari mutaxassisligidagi kadrlarni tayyorlash borasida hamkorlikni yanada kengaytirish boʻyicha muzokaralar olib bormoqda.
Muzokaralarda Oʻzbekistondagi oliy taʼlim muassasalarida ushbu yoʻnalishda mutaxassislarni tayyorlashni yoʻlga qoʻyish istiqbollari, bunda mavjud imkoniyatlari va hal etilishi lozim boʻlgan masalalar atroflicha muhokama qilindi.