O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekiston va Qirgʻiziston tashqi siyosat idoralari rahbarlari oʻrinbosarlarining uchrashuvi
2018-11-16 | Siyosat
2018-yilning 15-noyabr kuni Bishkek shahrida Oʻzbekiston – Qirgʻiziston vazirliklararo siyosiy maslahatlashuvlarining navbatdagi raundi boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Dilshod Axatov va Qirgʻiziston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari Dinara Kemelova ikki tomonlama munosabatlarning hozirgi holati va ularni mustahkamlash istiqbollarini batafsil muhokama qildilar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi oʻzaro aloqalarning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
Oʻzbekiston bilan Qirgʻiziston oʻrtasidagi hamkorlikni muttasil rivojlantirishning muhim tarkibiy qismi hisoblangan oliy va yuqori darajadagi boʻlajak uchrashuvlarning jadvali va kun tartibiga alohida eʼtibor qaratildi.
Uchrashuvda ikki tomon savdo aylanmasining izchil oʻsib borayotganligi, bu borada 2017- va 2018-yillarda yillik 50% oʻsish kuzatilayotganligi mamnuniyat bilan qayd etildi.
Ikki davlat Bosh vazirlari ishtirokida 2018-yilning 29-30-mart kunlari boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston chegaradosh viloyatlar hokimlari va Qirgʻiziston Hukumatining chegaradosh viloyatlardagi muxtor vakillari kengashining birinchi yigʻilishi savdo-iqtisodiy, investitsion, transport-kommunikatsiya va boshqa sohalardagi gorizontal aloqalarni jadallashtirish imkoni berdi. Kengashning ikkinchi yigʻilishini joriy yilning dekabr oyida oʻtkazish rejalashtirilgan.
Suhbat chogʻida buyuk yozuvchi Chingiz Aytmatovning 90-yilligi ikki mamlakatda keng nishonlanishi oʻzbek va qirgʻiz xalqlari hayotidagi yorqin voqea boʻlgani eʼtirof etildi.