Termizda “Oʻzbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasi – taraqqiyot omili” mavzuida seminar boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qoʻmitasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda Surxondaryo viloyatidagi mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, oliy oʻquv yurtlari professor-oʻqituvchilari, talabalar ishtirok etdi.
Unda Termiz davlat universiteti rektori, senator A.Toshqulov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Sh.Sharofuddinov, Sh.Toʻxtaboyev va boshqalar mamlakatimizda keyingi ikki yilda innovatsion texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilayotgan alohida eʼtibor yurtimizni yangi bosqichda rivojlantirishda yuksak samaralar berayotganini taʼkidladi.
Prezidentimizning joriy yil 21 sentyabrdagi “2019-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi farmoni bu boradagi ishlar koʻlamini yanada kengaytirishda muhim dasturilamal boʻlayotir.
Mazkur strategiya mamlakatimizning xalqaro maydondagi raqobatbardoshlik darajasini oshirib, inson kapitalini yanada yuksaltirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Unda belgilangan vazifalarni bajarish, mamlakatimizning 2030 yilga borib global innovatsion indeks reytingi boʻyicha jahonning 50 ta ilgʻor mamlakati qatoriga kirishiga imkoniyat yaratadi. Shunga muvofiq, fan, ixtirochilik va texnologiyalar transferi, infratuzilma va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari rivojlantiriladi.
Seminarda mamlakatimizni innovatsion rivojlantirish dasturining mazmun-mohiyati xususida atroflicha fikr almashildi. Sohalar mutaxassislari ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.
Xolmoʻmin Mamatrayimov, OʻzA