O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar obyektlarining huquqiy muhofazasi“ mavzusida videokonferensiya oʻtkazildi
2018-11-15 | Jamiyat
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda intellektual mulk xususan mualliflik huquqi va turdosh huquqlar obyektlarini ishonchli himoyasini taʼminlash borasida bir qator ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Xususan, Agentlik tomonidan mazkur mualliflik huquqlariga hurmat ruhida munosabatda boʻlish, shu bilan birga mazkur yoʻnalishdagi nazorat sohasida faoliyat yurituvchi vakolatli davlat organlari xodimlarining huquqiy bilim va koʻnikmalarini shakllantirish maqsadida bir qator amaliy xarakterga ega boʻlgan tadbirlar oʻtkazib kelinmoqda.
Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 1-maydagi 318-son Qaroriga muvofiq, Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida nazorat boʻyicha inspeksiyasiga (Inspeksiya) audiovizual asarlar, fonogrammalar, EHM uchun dasturlarni tarqatishda mualliflik huquqi va turdosh huquqlar sohasidagi qonunchilik talablariga rioya qilinishini taʼminlash, monitoringini olib borish, xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan litsenziya bitimi talab va shartlari bajarilishini nazorat qilish hamda Internet tarmogʻida mualliflik huquqi obyektlari noqonuniy tarqalishini bartaraf etish choralari koʻrish kabi bir qator vazifa hamda funksiyalar yuklatilgan.
Agentlik tomonidan Inspeksiya xodimlarini mazkur sohadagi huquqiy bilimlarini yanada oshirish maqsadida “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar obyektlarining huquqiy muhofazasi“ mavzusida videokonferensiya tashkil etildi.
Tadbirda Inspeksiya markaziy apparati barcha tarkibiy boʻlinma boshliqlari hamda tegishli boʻlinmalar xodimlari hamda Inspeksiyaning hududiy boʻlinmalari vakillari ishtirok etishdi.
Agentlik mutaxassislari tomonidan tadbir ishtirokchilari uchun yuqoridagi vazifa va funksiyalarni amalga oshirish jarayonida vujudga keladigan turli bahsli munosabatlar yechimi, bu boradagi xalqaro tajriba, sohadagi qonunchilikni yanada takomillashtirish borasida olib borilayotgan ishlar, telekommunikatsiya tarmoqlarida mualliflik huquqini taʼminlash kabi muhim masalalar mavzusida maʼruzalar qilindi.
Kelgusida Agentlik va Inspeksiya hamkorligida Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar sohasidagi qonunchilik takomillashtirilayotganligi munosabati bilan shunday tadbirlarni doimiy ravishda oʻtkazishga kelishib olindi.