O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xorazm viloyatida turizm sohasi subyektlari uchun qoʻshimcha yengilliklar yaratilmoqda
2018-11-15 | Turizm
Viloyat turizmni rivojlantirish departamenti tomonidan turizm sohasi vakillarining taklif va muammolari doimiy ravishda atroflicha oʻrganib kelinmoqda.
Turizm sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 11-sentabrdagi PQ-3939-sonli “Hududlarda tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalarini jadal amalga oshirilishini tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Xorazm viloyati boʻyicha tashkil qilingan Respublika Ishchi guruhi bilan hamkorlikda departament tomonidan viloyatdagi mavjud holat chuqur tahlil qilinib, vohaning turistik imkoniyatlarini aniqlash hamda ulardan samarali foydalanish boʻyicha qilinishi lozim boʻlgan ishlarga alohida ahamiyat berilmoqda.
Hududda tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalarini jadal amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida tadbirkorlik subyektlari tomonidan investitsiya kiritish sharti bilan boʻsh turgan madaniy meros obyektlaridan samarali foydalanishni taʼminlash yuzasidan amaliy choralar koʻrilmoqda.
Xususan, oʻrganishlar natijasida Xorazm viloyatida davlat koʻchmas mulki obyektlaridan foydalanganlik uchun qoʻllaniladigan ijara toʻlovining hududiy koeffitsiyentiga joriy yilning 1-noyabr sanasidan oʻzgartirish kiritilgan boʻlib, ushbu oʻzgartirishga asosan hududdagi madaniy meros obyektlarini tadbirkorlar tomonidan ijaraga olish haq miqdorlarini 40 foizgacha arzonlashtirilishiga erishildi.
Buning natijasida birgina “Orient Star” MCHJ tomonidan Xiva shahrida Muhammad Aminxon va Matniyoz Devonbegi madrasalarini ijaraga olib mehmonxona va restoran faoliyatini yurgizish uchun yiliga 399 mln. soʻm miqdorida ijara toʻlovlari amalga oshirib kelinayotgan boʻlsa, endilikda ushbu kiritilgan oʻzgarishga muvofiq ijara haqqining toʻlovi 237 mln. soʻmgacha kamaytirilishiga erishildi va tejab qolingan mablagʻlar evaziga tadbirkor tomonidan mehmonxona faoliyatini yanada rivojlantirish va qayta investitsiya kiritish uchun imkoniyat yaratib berildi.
Albatta, oʻz navbatida ushbu madaniy meros obyektlarini ijaraga olganda ularni muhofaza qilish va toʻgʻri foydalanishni taʼminlash tadbirkorlik subyektlari bilan tuzilgan shartnomalarda qatʼiy belgilab berilmoqda.
Yaratilayotgan bunday imkoniyatlar madaniy meros obyektlarini investitsiya kiritish sharti bilan ijaraga olish istagini bildirayotgan tadbirkorlar sonini oshishiga va yillar mobaynida boʻsh turgan 20 dan ortiq madaniy meros obyektlarini tadbirkorlik subyektlariga ijaraga berish imkoniyatlarini hamda viloyatning turizm salohiyatini yanada kengayishiga ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda.