O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Toshkentda yoshlar haftaligi boshlandi
2018-11-14 | Jamiyat
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil 29-iyun kuni poytaxtimizdagi 32 mingdan ziyod yoshlar tahsil olayotgan “Yoshlik” talabalar shaharchasiga tashrifi chogʻida bergan topshiriqlari va belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash, talabalarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida “Students day!” yoshlar haftaligi boʻlib oʻtmoqda.
Haftalik tadbirini “Talaba-yoshlarning ilmiy ishlanmalari va innovatsion gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlashda ijtimoiy hamkorlik masalalari” mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiya va yoshlarning startap loyihalari taqdimoti boshlab berdi.
Konferensiyada mutaxassislar, ustoz pedagoglardan tashqari faol, izlanuvchan talabalar ham oʻz maʼruzasi bilan ishtirok etdi. Ishtirokchilar ixtirochi, kreativ loyiha mualliflarining ishlari bilan tanishdi.
Haftalik tadbirlari doirasida oʻqish va izlanishda, hayotning turli jabhalarida faol yoshlarning Oliy Majlis Qonunchilik palatasi binosiga tashrifi rejalashtirilgan. Bu yerda “Talaba-yoshlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishning huquqiy asoslari” mavzusida davra suhbati oʻtkaziladi. Shuningdek, “Yoshlik“ shaharchasida istiqomat qiluvchi talabalari oʻrtasida futbol boʻyicha “Yoshlik kubogi” sport musobaqasi, “Talabalar yuridik klinikasi” va “Talabalar psixologik markazi” taqdimot marosimi, yoshlarning hayotda oʻz oʻrnini topishi uchun “Work out to work” mahorat darslari ham tashkil etiladi.
Inobat Ahatova, Temur Mamadaminov (surat), OʻzA