O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Davlat byudjeti ijrosi qanday natija berdi?

2018-11-14 | Iqtisodiyot

2018-yil 13-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Byudjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasining kengaytirilgan yigʻilishida Davlat byudjetining joriy yilda kutilayotgan ijrosi va 2019 yilga moʻljallangan makroiqtisodiy koʻrsatgichlar, soliq va byudjet siyosatining asosiy yoʻnalishlari loyihalari muhokama etildi.

Yigʻilishda taʼkidlanganidek, 2018-yilda davlatimiz rahbarining farmoni bilan Oʻzbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi qabul qilindi. Unga koʻra, soliqqa tortish tizimi tubdan isloh etildi. Shuningdek, soliqlar va majburiy toʻlovlar qisqartirilishi, shuningdek, samarasiz soliq imtiyozlari bekor qilinishi nazarda tutilmoqda.

Yakunlanayotgan yil davomida ilk marotaba davlat byudjetining xarajatlari oʻtgan 2017-yilga nisbatan qariyb 30 trln. soʻmga (1,6 barobarga) yaqin oshdi. Byudjet xarajatlarining asosiy qismi ijtimoiy sohaga yoʻnaltirildi. Fuqarolarning daromadlari – ish haqi, pensiya va nafaqalari inflyatsiya koʻrsatgichlaridan yuqori darajada oshirishga erishildi. Ayniqsa, tibbiyot va maorifga ijtimoiy xarajatlarning qariyb 60 foizi sarflandi.

Byudjet sohasi xodimlari ish haqi, pensiya va nafaqalarini inflyatsiya koʻrsatkichidan yuqori oshirish bilan birga, tarbiyachilar, oʻqituvchilar, ilmiy xodimlar, professor-oʻqituvchilar, madaniyat xodimlarining oylik maoshi 30 foizdan 100 foizgacha koʻpaytirildi.

Parlament quyi palatasi vakillarining fikricha, joriy yilning oʻtgan choragi oldingi davrga nisbatan xalq xoʻjaligi korxonalarining salkam yarmi, uchinchi chorakda 62 foiz korxonalar ish haqini oshirgan. Tarmoqlar kesimida esa, ishlab chiqaruvchi korxonalar katta miqdorda ish haqini oshirganlar sirasiga toʻgʻri keladi (74-100 foizgacha).

2018-yil davomida Prezident farmoni asosida qabul qilingan “Obod qishloq” Davlat dasturi doirasida salkam 18 ming aholiga ega qishloq joylarning meʼmoriy qiyofasini tubdan yangilash, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi hamda ijtimoiy soha obyektlari, namunaviy loyihalar asosida arzon uy-joylar barpo etishga qariyb 0,5 trln. soʻmlik mablagʻ yoʻnaltirilgan.

Undan tashqari, yurtimizning koʻhna tarixini saqlab kelayotgan 30 dan ortiq yirik shaharning salohiyatidan oqilona foydalanish, xususan, u yerlarda tadbirkorlikni rivojlantirish, mahalliy byudjetning daromad bazasini kengaytirish, zamonaviy infratuzilmani shakllantirish hamda pirovard natijada aholi turmush sifatini yaxshilash maqsadida Prezidentimiz farmoni asosida ikkitadan mahallada olib borilayotgan qurilish, taʼmirlash va obodonlashtirish ishlariga qariyb 0,3 trln. soʻmlik mablagʻ sarf etilgan.

Yana bir muhim tashabbus – “Yoshlar – kelajagimiz” dasturi doirasida mamlakatimizdagi yoshlar tadbirkorligini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, yoshlarni biznes bilan shugʻullanishga faol jalb etish uchun shart-sharoitlar yaratish, ish oʻrinlari yaratish, navqiron avlodning bandligini taʼminlash maqsadida oʻtgan davr mobaynida tijorat banklari orqali 7 foizlik kreditlar ajratildi.

Hisobot tahlili shuni koʻrsatmoqdaki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumati tomonidan Harakatlar strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalarni izchil amalga oshirish, jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy sohalarini tubdan rivojlantirish, masʼul idoralar faoliyatini tarkibiy oʻzgartirish boʻyicha olib borilgan islohotlar iqtisodiyotning barqaror, muvozanatlashtirilgan holda rivojlanishi hamda iqtisodiy oʻsishning yuqori surʼatlarini taʼminlashga xizmat qilgan.

Mamlakat iqtisodiyotiga davlat byudjetidan 5,3 trln. soʻmlik mablagʻ (1,4 marotaba) sarflangani evaziga yangi 691 korxona tomonidan 11 trln. soʻmlik milliy mahsulot, shundan 1,4 mlrd. AQSH dollariga teng boʻlgan import oʻrnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarilgan.

Tadbirda qayd etilganidek, keyingi ikki yil davomida uzoq istiqbolli marralarni zabt etishga qaratilgan, strategik jihatdan chuqur oʻylangan, dunyoda va turli mintaqalarda yuz berayotgan oʻta murakkab voqea-hodisalarning mohiyatidan kelib chiqilgan holda, valyuta va narx siyosatining erkinlashuvi, qishloq xoʻjaligida hisob-kitoblarning tartibga solinishi hamda kapital quyilmalar oshishi erishilishi byudjet daromadlari koʻpayishiga ijobiy taʼsir koʻrsatdi.

Shu yil 30 oktyabr kuni mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ushbu muhim masala yuzasidan oʻtkazilgan yigʻilishda xalq va davlat manfaatlari yoʻlida tayyorlanib, parlamentga kiritilgan kelgusi yil byudjetnomasi loyihasi keng muhokama etilishi, xalqimizning aniq takliflarini oʻzida ifodalashi maqsadga muvofiqligi taʼkidlangan edi.

Shundan kelib chiqib, kengaytirilgan yigʻilishda deputatlar byudjetnomani har tomonlama batafsil muhokama qildilar. Joriy yilning oʻtgan davri holatiga boʻlgan hisob-kitoblarga koʻra, aniqlangan davlat byudjeti daromadlari va xarajatlari oʻrtasidagi tafovutni yil yakuniga qadar barcha rezervlarni ishga solib bartaraf etish lozimligi taʼkidlandi. Eng muhimi, byudjeti siyosatini yuritishda ilk marotaba 2017-yilda qoʻllanilgan moliyalashtirish mexanizmlari natijasida barcha mahalliy byudjetlar ixtiyorida oʻtgan yilga nisbatan 6 barobar koʻproq — 5,5 trillion soʻm mablagʻ toʻplanishi qayd etildi. Bundan tashqari, mamlakatning bosh moliyaviy hujjatida oʻtgan qisqa davr mobaynida joylarda xalq bilan boʻlgan ochiq muloqotlar chogʻida fuqarolar bildirgan koʻp yillik istaklar, takliflar va talablarni aks ettirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Deputatlar kelgusi yil byudjetnomasi loyihasida byudjet daromadlari izchil oshishi, soliq tizimida joriy etiladigan tarixiy oʻzgarishlar natijasida aholi va biznesga katta yengilliklar yaratilishi nazarda tutilayotganiga eʼtibor qaratdilar. Chunonchi, tushumdan olinadigan majburiy ajratmalar toʻliq bekor qilinishi hisobidan korxonalarda yana 5,2 trillion soʻm daromad qoldirilishi, jismoniy shaxslar uchun daromad soligʻining eng yuqori stavkasi 12 foizgacha, yagona ijtimoiy toʻlovi 15 foizgacha tushirilishi, fuqarolarning 8 foizlik sugʻurta badali bekor qilinishi natijasida aholi daromadlari 6,5 foizga oshishi kutilmoqda.

Yuridik shaxslar mol-mulk soligʻi 5 foizdan 2 foizgacha, foyda soligʻi 14 dan 12 foizgacha, kichik biznes subyektlari yagona soligʻi 5 foizdan 4 foizgacha kamaytirilishi natijasida tadbirkorlar ixtiyorida 2 trillion soʻm qoʻshimcha mablagʻ qoladi. Umuman olganda, mavjud 19 ta soliq va majburiy toʻlovlar turi 15 tagacha kamaytiriladi.

Qayd etish joizki, joriy yilning oktyabr oyida mazkur byudjetnoma loyihasi parlament quyi palatasida faoliyat yuritayotgan barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari hamda Ekoharakat deputatlar guruhi tomonidan dastlabki tarzda oʻrganib chiqilib, qator takliflar bildirilgan edi. Jumladan, deputatlar loyihada madaniyat muassasalarini saqlash xarajatlarida madaniy meros obyektlarini rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlash yoki qayta qurish ishlariga, mamlakatimizda turizmni rivojlantirish uchun moddiy-madaniy meros obyektlarini taʼmirlashga yoʻnaltiriladigan mablagʻlar koʻlamini kengaytirish, shuningdek, Davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining loyihalarini ishlab chiqishda oshkora va shaffof mexanizmlarni qoʻllashni tavsiya etgan edi.

Yigʻilish soʻngida muhokamalar davomida bildirilgan fikr-mulohazalar va takliflarni inobatga olgan holda, Oʻzbekiston Respublikasi davlat byudjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining 2018 yilning 9 oyligidagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotini tasdiqlash haqida, shuningdek, kelgusi 2019 yilga moʻljallangan makroiqtisodiy koʻrsatkichlar, soliq va byudjet siyosatining asosiy yoʻnalishlari loyihalarini Qonunchilik palatasi muhokamasi kun tartibiga kiritish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.

Поделиться