O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xalqimiz tibbiy xizmatdan rozi boʻlmas ekan, tinim bilmaymiz
2018-11-13 | Jamiyat
2018-yil 13-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda deputatlar mamlakatimizda sogʻliqni saqlash tizimini isloh qilish, mavjud tizimli muammolarni bartaraf etishga qaratilgan masalani koʻrib chiqdilar.
Maʼlumki, shu yil 9-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida tanqidiy-tahliliy ruhda oʻtgan sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish, hududlar aholisini sifatli tibbiy xizmat bilan qamrab olish, tibbiyot muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash borasidagi islohotlar natijalarini tahlil qilish va istiqboldagi ustuvor vazifalarni belgilashga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi oʻtkazilgan edi.
Darhaqiqat, keltirib oʻtilganidek, keyingi ikki yilda Prezidentning sohaga oid 50 ta farmon, qaror va farmoyishi, Vazirlar Mahkamasining 70 dan ziyod qaror va farmoyishlari qabul qilindi. 6 ta yangi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tashkil etilib, ular soni 16 taga yetdi. Aholiga yanada qulaylik yaratish maqsadida hududlarda ularning 10 ta filiali ish boshladi. Tuman va shahar shifoxonalarida 300 dan ziyod yangi ixtisoslashgan boʻlim, 1 ming 200 ta tez tibbiy yordam shoxobchasi ochildi.
Umuman olganda, joriy yilda tibbiyot sohasiga davlat byudjetidan 2017 yilga nisbatan 40 foiz koʻp mablagʻ ajratildi. Yigʻilishda kelasi yil sohaga qariyb 30 foiz koʻp mablagʻ yoʻnaltirish rejalashtirilgani qayd etildi.
Davlatimiz rahbarining yaqinda qabul qilingan “Davlat tibbiyot muassasalari va sogʻliqni saqlashni boshqarish organlari xodimlarini moddiy ragʻbatlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori sohadagi yana bir ijobiy yangilik boʻldi. Unga muvofiq, tibbiyot xodimlarining oylik maoshi 1 dekabrdan 20 foizga, 2019 yil 1 apreldan yana 15 foizga oshiriladi.
Shuncha farmon va qarorlar chiqarildi, sohaga shuncha imkoniyatlar yaratildi, dolzarb masalalar hal qilib berildi. Lekin sogʻliqni saqlash tizimida kutilgan natijalar koʻrinmayotgani, ayniqsa, tumanlar, chekka qishloqlardagi aholi tibbiy xizmatdagi jiddiy va tub oʻzgarishlarni oʻz hayotida sezmayotgani barchani jiddiy oʻylantirmoqda. Joriy yilning oʻtgan davrida Prezidentning Virtual qabulxonasiga tibbiyot sohasiga doir 45 mingdan ziyod murojaat kelib tushgani ham bu sohada hali muammolar yetarlicha ekanidan dalolat beradi.
Xususan, videoselektor yigʻilishida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami tizimi, tuman markaziy shifoxonalarining moddiy-texnik bazasi va malakali kadrlar bilan taʼminlanish darajasi talabga javob bermasligi, oqibatida hududlardagi bemorlar katta mablagʻ sarflab, Toshkent shahriga kelishga yoki chet davlatlarga borishga majbur boʻlayotgani ochiq-oydin aytildi. Shu bois yigʻilishda tibbiyot tizimidagi muammolarni vaqtida aniqlash va hal etish, buning uchun hududlardagi holatni toʻliq qayta oʻrganib chiqish, bunda qishloq vrachlik punktlari va oilaviy poliklinikalardan markaziy tibbiyot muassasalarigacha qamrab olish kerakligi taʼkidlandi.
Maʼlumki, sogʻliqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish, sohadagi muammolarni bartaraf etish masalalari uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi masʼul etib belgilangan edi.
Shundan kelib chiqib, parlament quyi palatasida masalaga kompleks yondashish, muammolarni tizimli ravishda oʻrganib borib, hal etish maqsadida Fuqarolarning sogʻligʻini saqlash masalalari qoʻmitasi tashkil etildi. Oʻtgan vaqt mobaynida qoʻmita tomonidan bir qator ijobiy ishlar qilindi. Biroq bugungi shiddatli islohotlar davrida muammoning koʻlamidan kelib chiqib faoliyat yuritish talab etiladi.
Sababi, hududlarni rivojlantirishning eng muhim vazifalarini hal etish, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash yuzasidan joylarda oʻtkazilgan oʻrganishlar yakunlari aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish samaradorligining pastligi, sogʻliqni saqlash muassasalarining moddiy-texnika bazasini yaxshilash, ularni zarur dori vositalari bilan doimiy ravishda taʼminlash lozimligini, ushbu muassasalarning bugungi kun talablariga muvofiq faoliyat yuritishi uchun mavjud imkoniyatlardan toʻliq foydalanilmasdan kelinayotganini koʻrsatmoqda. Albatta, bunday holat sogʻliqni saqlash muassasalarining faoliyatini yanada takomillashtirishni, mavjud imkoniyatlardan toʻliq foydalanilishini yoʻlga qoʻyishni, aholiga tibbiy xizmat koʻrsatishning sifat jihatidan yangi tizimini joriy qilishni taqozo etadi.
– Bugun muhokama etilgan masalaning dolzarbligi shundaki, u inson salomatligi bilan bogʻliq, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Gulshana Xudoyarova. — Shu nuqtai nazardan kelib chiqib, parlament quyi palatasidagi Fuqarolarning sogʻligʻini saqlash masalalari qoʻmitasi faoliyatini yanada kuchaytirish uchun uning tarkibiga oʻzgartirishlar kiritish kerak, deb oʻylayman. Maqsad — davlatimiz rahbari tomonidan 9-noyabr kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida qoʻyilgan vazifalar, xususan, joylarda ushbu sohada amalga oshirilayotgan islohotlar izchilligi va natijadorligini taʼminlashdan iboratdir. Bunda hududlarda aholining koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatdan roziligini taʼminlash, buning uchun kadrlar yetishmovchiligi, muassasalarning moddiy-texnika bazasi hamda xususiy tibbiyotni rivojlantirish masalalari qoʻmita aʼzolari, shu bilan birga, boshqa qoʻmita vakillarining ham diqqat markazida boʻladi. Prezidentimiz aytganidek, toki xalqimiz tibbiy xizmatdan, sogʻliqni saqlash tizimidan rozi boʻlmas ekan, bu borada bir daqiqa ham tinim bilmasligimiz lozim.
Ayni jihatni hisobga olgan holda, majlisda deputatlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fuqarolarning sogʻligʻini saqlash masalalari qoʻmitasi faoliyatini yanada kuchaytirish lozimligini qayd etdilar.
Qoʻmita aʼzolari tarkibi tajribali, faol, qatʼiyatli deputatlar bilan kuchaytirildi.
– Maʼlumki, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida joriy yil boshida Fuqarolarning sogʻligʻini saqlash masalalari qoʻmitasi tuzilgan edi, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Muxarram Dadaxodjayeva. — Davlatimiz rahbari raisligida tibbiyot sohasidagi islohotlar tahliliga bagʻishlab oʻtkazilgan yigʻilishdagi mulohazalar parlamentning, aynan qonunchilik palatasining sohaga eʼtiborini kuchaytirish, qoʻmita faoliyatini yanada jonlantirish, uning ish samaradorligiga yangicha ruh bagʻishlash lozimligini taqozo etmoqda. Shu maʼnoda, majlisda deputatlar tomonidan qoʻmita faoliyatini tubdan takomillashtirish maqsadida tarkibini oʻzgartirish taklifi bildirilgani hamda u bir ovozdan qoʻllab-quvvatlangani ayni muddao boʻldi.
Shuningdek, majlisda sogʻliqni saqlash masalalari bilan shugʻullanuvchi, deputatlar, sogʻliqni saqlash vazirligi mutasaddi rahbarlari hamda tegishli davlat organlari va muassasalarining masʼul xodimlaridan iborat maxsus komissiya tuzish taklif etildi va ushbu gʻoya deputatlar tomonidan bir ovozdan qoʻllab-quvvatlandi.
Shunga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzurida Aholiga tibbiy xizmat koʻrsatishni va dori vositalari taʼminotini yanada yaxshilash, ushbu sohadagi qonunchilikni amaliyotga samarali tatbiq qilish borasidagi ishlarni muvofiqlashtirish boʻyicha komissiya tuzildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri rahbarligidagi komissiya tarkibiga deputatlar, manfaatdor vazirlik va idoralar vakillari kiritildi.
Yigʻilishda komissiyaning ustuvor vazifalari belgilab olindi.
Majlisda, shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi vakolatiga taalluqli boshqa masalalar ham koʻrib chiqildi.