O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Mahalliy va xalqaro ekspertlar Oʻzbekistonda maʼmuriy tartib-taomillarning rivojlanish istiqbollarini muhokama qilishdi
2018-11-13 | Jamiyat
Adliya vazirligi Xalqaro hamkorlik boʻyicha Germaniya jamiyati (GIZ) bilan hamkorlikda joriy yilning 12-noyabr kuni mahalliy va xalqaro ekspertlar ishtirokida “Maʼmuriy tartib-taomillar toʻgʻrisida”gi Qonuniga bagʻishlangan davra suhbatini oʻtkazdi.
Xorijiy ekspert sifatida Berlin-Brandenburg Oliy maʼmuriy sudining isteʼfodagi prezidenti Yurgen Kipp qatnashdi.
Mazkur davra suhbati qonunning amaldagi ijrosini taʼminlashga masʼul boʻlgan manfaatdor vazirlik va idoralarning yuridik xizmati xodimlari uchun tashkil etildi.
Taʼkidlash joizki, ushbu Qonun maʼmuriy organlarning manfaatdor shaxslarga nisbatan maʼmuriy-huquqiy faoliyatiga, shu jumladan litsenziya, ruxsat berish, roʻyxatdan oʻtkazish tartib-taomillariga, davlat xizmatlarini koʻrsatish bilan bogʻliq boshqa tartib-taomillarga, shuningdek qonun hujjatlariga muvofiq boshqa maʼmuriy-huquqiy faoliyatga nisbatan tatbiq etiladi.
Soha mutaxassislarining bildirishicha, Qonun normativ-huquqiy hujjatlarni tayyorlash va qabul qilish, soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni undirish, davlat xizmatini oʻtash, referendumlar, saylovlar oʻtkazish, mudofaa, jamoat xavfsizligi va huquq-tartibot sohasida, shuningdek tezkor-qidiruv faoliyati, surishtiruv, dastlabki tergov, jinoiy majburlov choralarini qoʻllash bilan bogʻliq boʻlgan boshqa faoliyat, sud ishini yuritish, maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni yuritish sohasida yuzaga keladigan munosabatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Qonunga muvofiq, maʼmuriy tartib-taomil bu maʼmuriy organlarning maʼmuriy-huquqiy faoliyatini tartibga soluvchi protsessual qoidalar hisoblanadi.