O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Malayziya kompaniyasi Oʻzbekistonda badiiy film va teleserial tasvirga olishni moʻljallamoqda
2018-11-13 | Turizm
“Aquila Emas Sdn Bhd” Malayziya media kompaniyasi vakillari oʻzlarining Oʻzbekistonga amalga oshirgan 10 kunlik tashrifi yakunlariga koʻra oʻzbekistonlik sheriklari bilan Hamkorlik toʻgʻrisida memorandumni imzoladilar.
Kinematografchilar delegatsiyasining mamlakatimizga tashrifini tashkillashtirgan Oʻzbekistonning Malayziyadagi Elchixonasi bergan maʼlumotga koʻra filmlarni tasvirga olish ishlari 2019-yilning boshiga belgilangan.
Boʻlib oʻtgan tashrif chogʻida Oʻzbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Milliy teleradiokompaniya, “Oʻzbekfilm” AJ, boshqa tuzilmalar, shuningdek Xorazm va Buxoro viloyati hokimiyatlari, jumladan mazkur viloyatlarning yetakchi mahalliy telekanallari rahbariyatlari bilan uchrashuvlar oʻtkazildi.
Muzokaralar davomida birgalikda badiiy film tasvirga olish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi. Suratga olish ishlari Xorazm va Buxoro viloyatlarining maftunkor choʻl va togʻ manzaralari, qadimiy shaharlari va takrorlanmas meʼmorchilik obidalarida olib boriladi. Shuningdek, Oʻzbekistonning madaniy-tarixiy merosi toʻgʻrisida 6 seriyali turistik televizion dasturni yaratish ham rejalashtirilgan.
Badiiy film va turistik teleserial Malayziyaning yetakchi telekanallaridan biri TV2 da praym-taym vaqtida efirga uzatiladi. 10 mln. kishidan ortiq auditoriyaga ega ushbu kanalni nafaqat Malayziya, balki Singapur va Bruney hududida ham tomosha qiladilar.