O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Smart texnologiyalar yoshlarni muzeylarga jalb qiladi
2018-11-13 | Innovatsiya
Innovatsion gʻoyalar haftaligi “InnoWeek-2018” da eng yaxshi innovatsion loyiha nominatsiyasida gʻolib boʻlgan “SMART CHAIN” kompaniyasi Oʻzbekistonda turizmni rivojlantirish va muzeylar faoliyatini yanada yaxshilash borasida innovatsion yondashuvlarni taklif etdi.
Mazkur kompaniya loyihalari Innovatsion rivojlanish vazirligi xodimlari tomonidan oʻrganib chiqilar ekan, ularni hayotga tatbiq etish yuzasidan Madaniyat vazirligi va Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasiga innovatsion loyihalarni koʻrib chiqib, oʻzaro hamkorlik oʻrnatish yuzasidan murojaat etildi.
Joriy yilning 8-noyabr kuni Innovatsiya vazirligi tomonidan Madaniyat vazirligi va Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi hamkorligida “SMART CHAIN” kompaniyasining innovatsion loyihalarini namoyish etish yuzasidan uchrashuv boʻlib etildi. Uning natijasi oʻlaroq toʻrt tomonlama Memorandum tuzishga kelishildi.
Mazkur tadbirda Innovatsion rivojlanish vaziri oʻrinbosari A.Nazarov, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri oʻrinbosari K.Akilova, shuningdek Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasining masʼul xodimlari ishtirok etishdi.
“SMART CHAIN” kompaniyasining direktori Bobur Raximov “Nazzar” mobil ilovasining imkoniyatlari va uning turizm sohasi, shuningdek, muzeylarda qoʻllanilishi boʻyicha toʻliq maʼlumot berib oʻtdi. Nazzar – innovatsion ilova boʻlib, istalgan materialni toʻldirilgan reallik elementlari bilan boyitishi mumkin. Smartfoningizni NazzAR belgisiga yoʻnaltirarkansiz, mobil qurilma ekranida real obyektning tasviri chiqib, u turli effektlar bilan toʻldirilgan boʻladi. B.Raximov taqdim etgan innovatsion “kartochka”lar orqali mamlakatimizning turistik salohiyatini keng targʻib qilish, hamda muzeylarni yoshlar oʻrtasida yanada ommalashtirish mumkin. Ushbu kartochkalarga smartfoningizni yaqinlashtirsangiz tarixiy obyektlar goʻyoki oldingizda “gavdalanib”, lavha fonida audiomatn oʻqilishi yoki u 3D reallikda namoyon boʻlishi mumkin.
Vazirlik tomonidan toʻrt tomonlama memorandum loyihasi ishlab chiqildi va hamkor tashkilotlarga yuborildi.