O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Adliya vazirligi: Huquqingni bil va talab qil!
2018-11-12 | Jamiyat
Vazirlik tomonidan joriy yilning 10-noyabridan start berilgan navbatdagi aksiya aynan shunday nomlanadi. “Huquqingni bil va talab qil!”
Joriy yilning 10-dekabriga qadar #huquqingnibilvatalabqil heshtegi ostida vazirlik katta masshtabli aksiya oʻtkazishni rejalashtirgan. Bu aksiya doirasida aholiga oʻz huquq va manfaatlarini qonuniy yoʻl bilan talab qilish targʻib etiladi. Manzilli va aqlli targʻibot prinsiplari asosida amalga oshirilishi rejalashtirilgan ushbu bir oylik aksiya davomida xususan quyidagi ishlar amalga oshiriladi:
Barcha tuman (shahar)da #huquqingnibilvatalabqil heshtegi ostida ommabop fleshmob oʻtkaziladi. Unda notarius va advokatlarning huquqiy maslahatlari beriladi, sayyor davlat xizmatlari koʻrsatiladi.
“Huquq himoyachilari” – koʻngillilardan tashkil topgan ishchi guruhlari tomonidan bepul huquqiy xizmat tadbirlari tashkil qilinadi. Adliya organlari rahbarlari tomonidan sayyor qabullar tashkil qilinadi.
Mehnat jamoalarida majburiy mehnat masalalari, mehnat kodeksi normalarini tushuntirish, korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olishga bagʻishlangan tushuntirish ishlari olib boriladi. Bu boradagi muammolar joylarda oʻrganiladi va huquqiy maslahatlar beriladi.
Tibbiyot birlashmalarida bepul huquqiy maslahat kurslari tashkil qilinadi, taʼlim muassasalarida bola huquqlari mavzusida davra suhbatlari
va seminarlar tashkil etiladi.
Bundan tashqari, ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar orqali, shuningdek, koʻchalarda, aholi gavjum joylarda, turli korxona va muassasalarda fuqarolarga huquqiy maslahatlar va huquqiy yordamlar beriladi.
Isteʼmolchi huquqlari, kommunal xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar majburiyatlari, tugʻuruqxonalarda korrupsiya holatlarining oldini olish, mol-mulk daxlsizligi kafolatlari, shaxsiy daxlsizlik huquqi mavzularida ijtimoiy roliklar tayyorlanadi va telekanallar orqali namoyish etib boriladi.
“huquqiyaxborot” telegram messenjerida, shuningdek, feysbuk ijtimoiy tarmogʻidagi vazirlik sahifasida hamda instagramda qonun hujjatlarida fuqarolarning huquqlari va davlat organlarining majburiyatlariga doir qisqa materiallar, huquqni bilishni targʻib qiluvchi turli infografikalar, videoroliklar va boshqalar berib boriladi.
Vazirlik rahbariyati hamda viloyat adliya boshqarmalari rahbarlari tomonidan inson huquqlarini buzilishi holatlari boʻyicha onlayn-aksiyalar oʻtkaziladi.
Ushbu tadbirlardan maqsad aholiga oʻz huquqlarini talab qilish orqali qonunlarning ishlashiga hissa qoʻshishlari mumkinligini tushuntirish, bu esa huquqiy jamiyat qurish va qonun ustuvorligini taʼminlashda muhim qadam boʻlishini taʼkidlashdan iborat.
Biz bilan birga boʻling!