O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri Xitoy Xalq Respublikasining Favqulodda va Muxtor elchisi bilan uchrashdi
2018-11-12 | Ta’lim
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri I.Madjidov 2018-yil 9-noyabr kuni Xitoy Xalq Respublikasining Favqulodda va Muxtor elchisi Szyan Yan xonimni qabul qildi.
Uchrashuvda Termiz shahridagi Afgʻon fuqarolarini oʻqitish Markazini jihozlash, Samarqand shahrida Buyuk Ipak yoʻli xalqaro turizm universiteti ochilishi, shuningdek respublika hududlarida Xitoy Xalq Respublikasi bilan hamkorlikda oliy taʼlim muassasalari filiallari, oʻquv markazlari va til oʻqitish kurslarini tashkil etish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri I.Madjidov qayd etdiki, ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarining kengayib borayotganligi taʼlim sohasida, jumladan bugungi uchrashuv kun tartibidagi masalalarda ham oʻz aksini topmoqda. Oʻzbekiston yoshlari Xitoyda maʼlum mutaxassislik boʻyicha bilimlarini chuqurlashtirishdan tashqari, xitoy tilini ham oʻrganib kelmoqda. Bunda Xitoy tomonning hamkorlik munosabatlarini rivojlantirishga boʻlgan intilishi va yoshlarimizning bilim olishga, ushbu mamlakatni, xalqning tilini va madaniyatini oʻrganishga boʻlgan qiziqishi asosiy rol oʻynamoqda. Vazirlik oliy taʼlim sohasidagi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, pedagoglar va talabalar almashinuvini yanada kengaytirish tarafdori.
Xitoy Xalq Respublikasining Favqulodda va Muxtor elchisi Szyan Yan oʻz chiqishida Xitoy tomoni Oʻzbekistondagi tinchlik, yaratuvchanlikka boʻlgan intilishni koʻrib turganligi hamda aynan taʼlim sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish tarafdori ekanligini taʼkidladi. Termiz shahridagi Afgʻon fuqarolarini oʻqitish Markazini jihozlash, Samarqand shahrida Buyuk Ipak yoʻli xalqaro turizm universitetini, respublika viloyatlarida Xitoy oliy taʼlim muassasalari filiallari, oʻquv markazlari va til oʻqitish kurslarini tashkil etish, ularni mutaxassislar bilan taʼminlash borasida hamkorlikka tayyor ekanligini qayd etdi.
Tomonlar hamkorlikda tashkil etilayotgan Buyuk Ipak yoʻli xalqaro turizm universitetini Shanxay hamkorlik tashkiloti darajasidagi oliy taʼlim muassasasi boʻlishi zarurligi, u yerda turizm sohasi mutaxassislaridan tashqari siyosatchilar, diplomatlar, menejerlar tayyorlanishi, taʼlim bir necha tillarda olib borilish tarafdori ekanliklarini taʼkidlab oʻtishdi.