O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻquvchi-yoshlar bilan ishlashga qaratilgan yangi loyiha amalga oshirilmoqda
2018-11-09 | Ta’lim
Xalq taʼlimi vazirligi oʻquvchi-yoshlar bilan ishlashga qaratilgan “Vazirlik va oʻquvchi-yoshlar” yangi tashabbusni amalga oshirishni boshladi.
Loyihaning asosiy maqsadi Oʻquvchi-yoshlarning bugungi kundagi taʼlim sifati toʻgʻrisidagi fikr-mulohazalarini oʻrganish, oʻquvchi-yoshlarning taʼlimga jalb qilishda tengdosh-tengdoshga tamoyiliga muvofiq ijtimoiy faollikni takomillashtirish boʻyicha loyihalar va takliflarni eshitish hamda ularni hayotga tatbiq etish va Xalq taʼlimi vazirligi tizimida amalga oshirilayotgan loyihalarda oʻquvchi-yoshlarni ishtirokini taʼminlashdir.
Mazkur loyiha 16-17 noyabr kunlari Toshkent shahrida ilk bor oʻtkaziladi va u Xalq taʼlimi vazirligi, yoshlar bilan ishlovchi vazirliklar va idoralar vakillari hamda Oʻzbekistonning barcha hududlaridan kelgan 70 nafar yoshlarni birlashtiradi.
Tashabbus doirasida oʻquvchi-yoshlar poytaxtimizdagi bir necha taʼlim va madaniy obyektlarga tashrif buyuradilar.
Shu bilan birga ular Xalq taʼlimi vazirligi rahbariyati bilan uchrashadilar va vazirlikning oʻquvchi-yoshlar hamda yoshlar tashkiloti bilan ishlashga qaratilgan loyiha va tashabbuslarni muhokama etadilar.
Uchrashuv natijasiga koʻra, Xalq taʼlimi vazirligi oʻquvchi-yoshlar bilan ishlash boʻyicha “yoʻl xaritasi” qabul qilinadi va uni amalga oshirishda maktablardagi yoshlar sardorlari bevosita ishtirok etadilar.
Taʼkidlash lozimki, hozirgi kunda Oʻzbekiston Xalq taʼlimi vazirligi tizimida 9,63 mingga yaqin maktablar faoliyat yuritmoqda va ularda 5,8 mln. nafardan ziyod yoshlar taʼlim olmoqdalar.