O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Bayonot
2018-11-09 | Jamiyat
2018-yil 8-noyabr qator OAVda xususiy kirakashlik, kunlik toʻlanadigan ishlar va xususiy yollanadigan taʼmirlash-qurilish ishlari singari faoliyat turlariga patent joriy etish rejalashtirilayotgani haqidagi maʼlumot eʼlon qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi shuni maʼlum qiladiki, mazkur xabarlar haqiqatga muvofiq emas va kontekstdan yulib olingan hisoblanadi.
Koʻrsatib oʻtilgan mehnat faoliyat turlariga patent joriy etilishi bugungi kunda qonuniy tashabbus hisoblanmaydi va bironta rasmiy hujjatda mavjud emas.
Ayni paytda ushbu masala muhokama etilmoqda va Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi doirasida oʻrganib chiqilmoqda.
Qishloq joylaridagi norasmiy bandlik odatga koʻra dunyoning koʻplab mamlakatlarida eng keng tarqalgan muammolardan biri sanaladi. Joriy yilning 30-aprelida Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan eʼlon qilingan hisobotga muvofiq, ayrim davlatlarda qishloq joylaridagi norasmiy bandlik 90 foizgacha borib yetadi.
Oʻzbekistonda mehnat bozorini oʻrganish boʻyicha 2018-yilning avgust-sentabr oylarida oʻtkazilgan ishlar shuni koʻrsatdiki, Oʻzbekistonda norasmiy bandlik sektorining ulushi 56 foizni tashkil etadi. Qishloq joylaridagi norasmiy yoki “soyadagi” bandlikning asosiy sohalari xususiy kirakashlik, kunlik toʻlanadigan ishlar va xususiy yollanadigan taʼmirlash-qurilish ishlari hisoblanadi.
Biroq xususiy kirakashlik, kunlik toʻlanadigan ishlar va xususiy yollanadigan taʼmirlash-qurilish ishlarining ayrim joylarda toʻliq bandlik alternativi sanalishini hisobga olgan holda, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi legallashuv chora-tadbirlaridan biri sifatida yiliga eng kam oylik ish haqining 4,5 barobari miqdorida Oʻzbekiston Respublikasi Byudjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasiga toʻlov qilinadigan patentni joriy etishni koʻrib chiqmoqda.
Bu turdagi patentni olish faqatgina ixtiyoriy tarzda amalga oshirilgan boʻlar edi.
Yaʼni patentni ixtiyoriy ravishda olib, yiliga 912 285 soʻm (oyiga 76 023 soʻm) toʻlagan fuqaro toʻliq bandlik uchun beriladigan mehnat stajiga ega boʻlishi mumkin. Bunday chora-tadbir yaxlit pensiya tizimi shakllanishiga qoʻshimcha fuqarolar sonini jalb etishga imkon bergan va kelgusida oʻsha fuqarolarning yosh boʻyicha pensiya olishlarini taʼminlagan boʻlar edi.