O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Eng kuchli qilichbozlar Toshkentda bahslashadi
2018-11-09 | Sport
Poytaxtimizda joriy yilning 11-noyabr kuni erkaklar oʻrtasida qilichbozlikning shpaga yoʻnalishida xalqaro “Satellit“, 17-18 noyabr kunlari esa oʻsmirlar va qizlar oʻrtasida sablya boʻyicha jahon kubogi oʻtkaziladi.
Mazkur musobaqalar munosabati bilan Oʻzbekiston qilichbozlik federatsiyasi Gimnastika boʻyicha respublika ixtisoslashtirilgan Olimpiya zaxiralari bolalar-oʻsmirlar sport maktabida matbuot anjumani tashkil qildi.
Anjumanda Oʻzbekiston qilichbozlik federatsiyasi raisi Rustam Shoabdurahmonov va boshqalar mamlakatimizda isteʼdodli yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, salohiyatini toʻliq roʻyobga chiqarishga qaratilayotgan eʼtibor sportchilarimizning xalqaro maydonlarda erishayotgan yutuqlarida yaqqol namoyon boʻlayotganini taʼkidlab, Toshkentda oʻtadigan “Satellit“ va jahon kubogi musobaqalari yuqori saviyada oʻtishiga va mazkur musobaqalarda sportchilarimiz munosib ishtirok etishiga ishonch bildirdi.
Mamlakatimizda ilk marotaba oʻtkazilayotgan xalqaro “Satellit“ musobaqasida sportchilarimizdan tashqari, Tojikiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston, Indoneziya, Pokiston kabi davlatlardan ellikka yaqin qilichboz ishtirok etishi kutilmoqda.
Jahon kubogida yigirmaga yaqin davlatdan isteʼdodli sportchilar oʻzaro raqobatlashadi.
Eslatib oʻtamiz, mazkur musobaqalar Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Milliy olimpiya qoʻmitasi, mamlakatimiz qilichbozlik federatsiyasi, bir qator tashkilotlar va Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda.
Javohir Toshxoʻjayev, Muhammad Amin (surat), OʻzA