O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekiston delegatsiyasining Bryussel shahriga tashrifi toʻgʻrisida
2018-11-09 | Siyosat
2018-yilning 8-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Afgʻoniston boʻyicha Maxsus vakili Ismatulla Irgashev boshchiligidagi delegatsiya Bryussel shahrida Yevropa parlamentida boʻlib oʻtgan “Afgʻoniston uchun birgalikdagi qarashlar” mavzusidagi Xalqaro konferensiyada ishtirok etdi.
Konferensiya ishida Yevroparlament deputatlari, Yevrokomissiya, OAV va YEI, Belgiya, boshqa xalqaro tashkilotlar huzurida akkreditatsiya qilingan diplomatik missiyalarning vakillari qatnashdilar.
Forum qatnashchilari xavfsizlik, tinchlik va davlat qurilishi, Afgʻonistonning rivojlanishiga xalqaro koʻmak, qayta tiklanish va mintaqaviy hamkorlik masalalarini muhokama qildilar.
Yevropa parlamenti deputati, Afgʻoniston bilan aloqalar delegatsiyasi raisi Petras Aushtrevichyus kirish nutqi soʻzladi.
Mamlakatimiz delegatsiyasi rahbari oʻz nutqida 2018-yilning 26-27-mart kunlari Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan yuqori darajali xalqaro konferensiya yakunlariga hamda konsensus asosida qabul maxsus Deklaratsiyaga alohida urgʻu berdi. Oʻzbekistonning Afgʻoniston bilan ikki tomonlama munosabatlarni izchil mustahkamlayotgani, mazkur mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi uchun muhim boʻlgan qator infrastruktura loyihalarini faol amalga oshirayotgani taʼkidlandi.
Ismatulla Irgashev Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Afgʻonistonda tinchlik jarayonini boshlashga hamda tinch Afgʻoniston uchun kadrlar tayyorlashga koʻmaklashish borasidagi tashabbuslariga alohida eʼtibor qaratdi.