O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Gollandiya kompaniyalari Oʻzbekistonda oʻz bizneslarini yoʻlga qoʻyishmoqda
2018-11-08 | Iqtisodiyot
2018-yilning 7-9-noyabr kunlari Niderlandiyaning taniqli “Lely” va “TCT-Agro” firmalari nufuzli delegatsiyasi Oʻzbekistonda boʻlib turibdi. Ular Toshkentdagi “Agro Expo Uzbekistan/Agrotech Expo” qishloq xoʻjaligi koʻrgazmasida ishtirok etishmoqda.
8-noyabr kuni delegatsiya Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Savdo-sanoat palatasida muzokaralar oʻtkazyapti, 9-noyabr kuni esa Namangan viloyatiga borishadi.
Oʻzbekiston Respublikasining Benilyuks davlatlaridagi Elchixonasi xabar berishicha, mazkur kompaniyalar Oʻzbekiston bozoriga kirishni va ishonchli hamkorga aylanishni rejalashtirmoqda.
“Lely” kompaniyasi uzoq yillar davomida rivojlanayotgan mamlakatlarda oʻzining ilgʻor tajribasi va texnologiyasini muvaffaqiyatli joriy etib kelmoqda va shu yoʻl orqali yangi ish oʻrinlari yaratmoqda. Oʻzbekistonga tashrif arafasida kompaniya Qishloq xoʻjaligida Gollandiya texnologiyalari innovatsion markazini tashkil etish borasidagi rejalarini eʼlon qildi.
Toʻlaligicha ishlab chiqarish Oʻzbekiston hududida mahalliylashtiriladigan qishloq xoʻjaligi klasterini tashkil qilishni koʻzda tutuvchi mazkur markaz loyihasining taxminiy qiymati 10 mln yevroga teng. Yerga ishlov berish, chorvachilikni rivojlantirish, tayyor sut mahsulotlarini ishlab chiqarish, chiqindilarni qayta ishlash va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini saqlash borasidagi Gollandiyaning ilgʻor texnologiyalarini joriy etish moʻljallanmoqda.
Shuningdek taʼlim komponenti ham koʻzda tutilmoqda va bunda Vageningen universiteti olimlari oʻzbek fermerlariga zamonaviy Gollandiya texnologiyalarini oʻrgatishadi.
Oʻzining tuproq ostini suyuq organik oʻgʻitlovchi texnologiyalari bilan mashhur boshqa bir Niderlandiya kompaniyasi – “TCT-Agro” bilan hamkorlik aloqalari boʻyicha dastlabki kelishuvlarga erishildi. Hozirda Oʻzbekiston Elchixonasi mamlakatimiz qishloq xoʻjaligi kompleksida kerakli boʻluvchi aniq segmentlarni belgilab olish borasida mazkur kompaniya bilan muzokaralar olib bormoqda.