O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
"ScienceThon by C.A.T": startap akselerator va inkubator ishtirokchilari uchun tanishtiruv seminari
2018-11-08 | Innovatsiya
Startaplar ijtimoiy-iqtisodiy muhitning jadal rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etadi. Startap bu yosh, innovatsion kompaniya boʻlib, uning asosida yangi gʻoya yoki texnologiya yotadi. Bunday kompaniyalarning muvaffaqiyatli rivojlanishi uchun ularni moddiy, infratuzilmaviy va tajriba jihatdan qoʻllab-quvvatlash lozim.
Bunday koʻmakni esa maxsus tuzilmalar - startap akselerator va inkubatorlar yaratib berishi mumkin. Shuningdek startap akselerator va inkubatorlar asosan Universitetlar va tadqiqot markazlari asosida yaratiladi.
Dunyo tajribasidan maʼlumki, biznes akselerator va biznes inkubatorlar AQSH va Yevropada iqtisodiyot rivojlanishining eng foydali va tez rivojlanadigan sohasi hisoblanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 11-sentyabrdagi “Innovatsion rivojlanishni yanada qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshidagi Ilgʻor texnologiyalar markazida yuqori texnologiyali, kichik startap kompaniyalar uchun Innovatsion startap akselerator va inkubator tashkil etildi. Bunda mavjud infratuzilmalardan, bino, laboratoriya uskuna va anjomlaridan bepul, imtiyozli ravishda foydalanish imkoniyati beriladi.
Mazkur akselerator bir qator kompaniyalar bilan hamkorlikda, jumladan, Startup Factory (IT sohasidagi startap akselerator), Green Business Innovation (yashil texnologiyalar va muqobil energiya manbalari boʻyicha konsalting kompaniya) va Innovatsion rivojlanish vazirligi homiyligida tashkillashtirilmoqda.
7-8- noyabr kunlari akselerator dasturining dastlabki bosqichi - ʼScienceThon by C.A.Tʼ boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan. ʼScienceThon by C.A.Tʼ bu potensial ishtirokchilar uchun 2 kunlik intensiv seminar. Biz unda 6 oylik akselerator dasturi, qatnashish shartlari haqida maʼlumot beramiz. ScienceThon qatnashchilari oʻzlarining jamoalarini shakllantiradi. Ekspertlar dizayn fikrlash va jamoani qanday shakllantirish lozimligi toʻgʻrisida koʻrsatmalar berishadi.
8-noyabr sanasida esa guruhlar oʻzlarining loyiha va gʻoyalarini 5 daqiqalik taqdimot shaklida namoyish etishadi. Hayʼat aʼzolari loyihalarni baholab borishadi va akseleratorning keyingi bosqichida qaysi guruhlar qatnashishini belgilab berishadi.