O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“XXI asr musiqa sanʼati: muammo va yechimlar” mavzuidagi Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi
2018-11-06 | Madaniyat
Mamlakatimizda soʻnggi yillarda madaniyat va sanʼat sohasiga katta eʼtibor qaratilib kelinmoqda. Davlatimiz rahbarining sohaga tegishli oʻnlab qaror va farmonlari imzolanib, belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash yuzasidan samarali ishlar olib borilmoqda.
Bugun Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi tashabbusi bilan “XXI asr musiqa sanʼati: muammo va yechimlar” mavzuidagi Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi. Ushbu konferensiya Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ilmiy-innovatsion ishlanma va texnologiyalarni ishlab chiqarishga tadbiq etishning samarali mexanizmlarini yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2018 yil 12 yanvardagi 24-sonli qarori va 2018 yil 6 martdagi 178-F-sonli Farmoyishiga asosan tashkil etildi.
Konferensiyada Koreya, Avstraliya, Rossiya, Qozogʻiston, Tojikiston, Turkmaniston, Ozarbayjon va boshqa koʻplab chet ellik soha mutaxassislari, olimlar ishtirok etdi. Konferensiyaning ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri – Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi rektori, professor B.Sayfullayev,
Oʻzbekistondagi Britaniya Kengashi raisi R.Ireland, Qozogʻiston kompozitorlar uyushmasi eks prezidenti, fan doktori B.Kыdыrbek, Ozarbayjon Respublikasi xalq artisti A.Dadashev hamda Tojikiston kompozitorlar uyushmasi raisi X.Nizomovlar ishtirok etdi. Konferensiyani Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri – Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi rektori, professor B.Sayfullayev ochib berdi. Madaniyat vaziri B.Sayfullayev oʻz nutqida bugungi anjuman chin maʼnoda ilm ahli, olimlar va soha xodimlari uchun ulkan tajriba maydoni, fikrlar almashinuvi uchun koʻprik vazifasini oʻtashini, undan olingan maʼlumotlar kelgusida soha rivojiga katta koʻmak berishini alohida taʼkidladi.
Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi Ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektori, professor S.Gafurova moderatorligida oʻtgan konferensiyaning yalpi majlisida A.Pertou (Avstraliya), Do Xong Kuan (Vyetnam), F.Mashurova (Qozogʻiston), R.Abdullayev (Oʻzbekiston), O.Ibrohimov (Oʻzbekiston), N. Yanov-Yanovskaya (Oʻzbekiston)lar oʻz maʼruzalari bilan ishtirok etishdi. Shundan soʻng, konferensiya shoʻbalarga boʻlingan holda ishini davom ettirdi.