Xalqimizning qadimiy tarixi va madaniy hayotini har tomonlama keng yoritish, nomoddiy madaniy merosimiz boʻlgan koʻp qirrali oʻzbek milliy hunarmandchiligini keng namoyish qilish, uning noyob namunalarini targʻib etish, shuningdek, ushbu yoʻnalishda oʻzaro tajriba almashish orqali turli xalqlar oʻrtasida doʻstlik va hamkorlik rishtalarini yanada mustahkamlash, madaniy-gumanitar aloqalarni xalqaro miqyosda kuchaytirish, avloddan-avlodga oʻtib kelayotgan kasbiy anʼanalar va hunarmandchilik maktablarini saqlash va qayta tiklash maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Savdo-sanoat palatasi, “Hunarmand” uyushmasi, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi hamda Fargʻona viloyati hokimligining har ikki yilda bir marta Qoʻqon shahrida Xalqaro hunarmandchilik festivalini (keyingi oʻrinlarda Festival deb ataladi) tashkil etish, birinchi marta ushbu festivalni hamda festival doirasida “Hunarmandchilik va xalq amaliy sanʼatini rivojlantirish istiqbollari” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiyani 2019 yilning 10-15 sentyabr kunlari oʻtkazish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
2. Xalqaro hunarmandchilik festivaliga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita tarkibi (keyingi oʻrinlarda – Tashkiliy qoʻmita) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda Xalqaro hunarmandchilik festivalini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida nizomni hamda 2019 yilda Xalqaro hunarmandchilik festivalini oʻtkazish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
3. Tashkiliy qoʻmitaga (A.Aripov):
Festivalni oʻtkazish boʻyicha koʻzda tutilgan vazifalarni oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlash;
Festival sovrindorlariga topshiriladigan diplom, sertifikat, haykalchalar namunalarini ishlab chiqish va tasdiqlash;
Festivalni tashkil etish va oʻtkazish bilan bogʻliq boshqa masalalarni hal etish vazifalari yuklansin.
4. Savdo-sanoat palatasi, “Hunarmand” uyushmasi hamda Fargʻona viloyati hokimligining ularni Festivalni tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha masʼul etib belgilash toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi:
xorijiy davlatlardan mahoratli hunarmandlar, amaliy sanʼat ustalari, mutaxassislari, soha olimlari va faxriy mehmonlarni Festivalga taklif etishda Savdo-sanoat palatasi va “Hunarmand” uyushmasiga amaliy yordam koʻrsatsin;
Festivalga tashrif buyuruvchi mehmonlar uchun Savdo-sanoat palatasi va “Hunarmand” uyushmasining buyurtmanomalariga binoan Oʻzbekiston Respublikasiga kirish vizalarining belgilangan tartibda konsullik va boshqa yigʻimlarni undirilmasdan rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
6. Fargʻona viloyati hokimligi Qoʻqon shahrida keng koʻlamdagi obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlari amalga oshirilishini, Festival oʻtkaziladigan sahna maydonlari va joylar talab darajasida tayyorlanishini taʼminlasin.
7. Madaniyat vazirligi Savdo-sanoat palatasi, “Hunarmand” uyushmasi va Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan birgalikda Festivalning tantanali ochilish marosimini har tomonlama puxta va badiiy jihatdan betakror usulda tayyorlash uchun yuksak professional mahorat va tajribaga ega boʻlgan ssenarist va rejissyorlar, yozuvchi va shoirlar, usta hunarmandlar, sahna rassomlari, isteʼdodli yosh sanʼatkorlarning keng jalb etilishini taʼminlasin.
8. Savdo-sanoat palatasi, “Hunarmand” uyushmasi Madaniyat vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi bilan birgalikda:
Festival doirasida Qoʻqon shahridagi markaziy maydonning yon atrofida hunarmandchilik sanʼatiga oid turli koʻrgazmalar, hunarmandchilik buyumlari, tasviriy va amaliy sanʼat asarlari, qadimiy hunarmandchilik dastgohlari va mahsulotlarini yaratish jarayonlari, hunarmandchilikka oid badiiy va hujjatli filmlar, kitoblar, albomlar, fotosuratlar namoyishi va ularning sotuvi tashkil etilishini;
Festival dasturi ishlab chiqilishini va uning Festivaldan uch oy avval turistik tashkilotlarga taqdim etilishini, Internet jahon axborot tarmogʻi va ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilishini;
Festival doirasida milliy liboslar koʻrgazmali chiqishlari, askiya va qiziqchilar, folklor va dorbozlik jamoalarining tomosha dasturlari namoyish etilishini;
Festivalning turizm kalendar rejasiga kiritilishini hamda xorijiy sayyohlarni Festivalga jalb qilish choralari koʻrilishini taʼminlasinlar.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va Fargʻona viloyati hokimligi Festival qatnashchilari va mehmonlar uchun mehmonxonalardan joy ajratish choralarini koʻrsinlar.
10. “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati Festival qatnashchilarini Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va “Hunarmand” uyushmasi buyurtmalariga muvofiq, belgilangan tartibda avia va temir yoʻl chiptalari bilan taʼminlash choralarini koʻrsinlar.
11. Festivalga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar Tashkiliy qoʻmita tomonidan ishlab chiqilgan va belgilangan tartibda tasdiqlangan smeta asosida quyidagi tartibda:
50 foizi – Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan;
50 foizi – Fargʻona viloyati mahalliy byudjetining qoʻshimcha manbalari, yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplansin.
12. Toshkent shahar hokimligi Festivalning xorijiy qatnashchilarini kutib olish, joylashtirish va ularni Qoʻqon shahriga yuborishni tashkil etsin.
13. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, “Dunyo” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Festivalga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarni keng yoritib borish tavsiya etilsin.
14. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2018 yil 1 noyabr