O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Yutuqlar koʻp, kamchiliklar ham bor

2018-11-05 | Jamiyat

Namangan viloyati xotin-qizlar qoʻmitasining navbatdagi hisobot-saylov konferensiyasi boʻlib oʻtdi. 

Unda viloyat shahar va tumanlaridan, boshlangʻich tashkilotlardan saylangan delegatlar bilan birga, faol ayollar, deputatlar, siyosiy partiyalar vakillari, jurnalistlar ishtirok etdi.
 
Mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini taʼminlash, ijtimoiy mavqeini yanada mustahkamlash, ijtimoiy-iqtisodiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, isteʼdod va salohiyatini yuzaga chiqarishiga koʻmaklashish, yashash va mehnat sharoitini yaxshilash borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilayotgani taʼkidlandi.
 
Konferensiyada viloyat xotin-qizlar qoʻmitasi raisi I.Qoʻchqorovaning hisoboti tinglandi.
 
Hisobotda qayd etilishicha, 8 ming 320 nafar xotin-qizga tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyishi uchun tijorat banklari tomonidan 236 milliard soʻmdan ortiq imtiyozli kredit ajratilgan. Ish soʻrab murojaat qilgan ayollarning 5 ming 795 nafari iqtisodiyotning turli tarmoqlariga ishga joylashtirilgan. 5 mingdan ziyod xotin-qiz haq toʻlanadigan jamoat ishlariga jalb qilingan. Birgina joriy yilning oʻzida 18 ta tikuv, toʻquv, qandolatchilik va boshqa yoʻnalishlarda ishlab chiqarish sexlari tashkil etilgan va buning natijasida 1000 nafarga yaqin xotin-qiz ish bilan taʼminlangan.
 
Shuningdek, oilaviy tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyish, xonadonda qoramol va parrandachilikni rivojlantirish, issiqxona tashkil etish istagini bildirgan 1000 ziyod ayolga 55 milliard 470 million soʻm miqdorida imtiyozli kredit ajratilgan.
 
Oʻtgan davr mobaynida oilalar turmush tarzi, muammolarini oʻrganish maqsadida respublika hamda viloyat ishchi guruhlari tomonidan uyma-uy yurib oʻtkazilgan muloqotlar samarasida 19 ming 105 nafar nogironligi boʻlgan xotin-qizga alohida eʼtibor qaratilib, ularning 98 nafariga uy-joy berildi. Yil oxiriga qadar yana oʻnlab jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolarga yangi uylar kaliti topshiriladi. 1000 nafarga yaqin ana shunday ayollar doimiy ish bilan taʼminlangani ular hayotiga yangicha mazmun olib kirgani, shubhasiz.
 
Anjumanda erishilgan natijalarni eʼtirof etish bilan birga, yoʻl qoʻyilgan kamchilik va muammolarga tanqidiy baho berildi. Jumladan, xotin-qizlar oʻrtasida jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etish oʻtgan yilga nisbatan 50 foizga kamaygan boʻlsa-da, ayollar tomonidan jinoyat sodir etish holatlari hamon uchramoqda.
 
Yoshlar, ayniqsa, balogʻat yoshidagi oʻsmirlar bilan ishlash, ularning taʼlim-tarbiyasi va kasb-hunar oʻrganishiga jiddiy munosabatda boʻlish, bu borada oila, taʼlim muassasasi va mahalla hamkorligini yanada mustahkamlash, qizlarni oilaga tayyorlash masalasiga katta masʼuliyat bilan yondashish lozimligi taʼkidlandi.
 
Konferensiyada I.Qoʻchqorova ochiq ovoz berish yoʻli bilan viloyat xotin-qizlar qoʻmitasi raisi etib qayta saylandi.
 
Viloyat xotin-qizlar qoʻmitasi boshqaruvi aʼzolari, nazorat-taftish komissiyasi tarkibi, uning raisi hamda Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi konferensiyasiga delegatlar ham saylandi.
 
Yigʻilishda Namangan viloyati hokimi X.Bozorov soʻzga chiqdi.
 

Akromjon Sattorov, OʻzA

Поделиться