O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Rossiya parlamenti delegatsiyasining Buxoroga tashrifi

2018-11-05 | Siyosat

Rossiya Liberal-demokratik partiyasi raisi Vladimir Jirinovskiy boshchiligidagi Rossiya parlamenti delegatsiyasi 2-3 noyabr kunlari Buxoroda boʻldi.

3 noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov Buxoro viloyati hokimligida Rossiya delegatsiyasi aʼzolari bilan uchrashdi.

Muloqot chogʻida N.Ismoilov parlament delegatsiyalarining bunday doʻstona tashriflari mamlakatlarimiz oʻrtasida parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi. 

Oʻzbekiston va Rossiya Prezidentlarining tashriflari chogʻida erishilgan kelishuvlar oʻzaro manfaatli sheriklikning huquqiy asoslarini mustahkamlab, parlamentlararo aloqalarni delegatsiyalar almashinuvi orqali qoʻllab-quvvatlash imkonini berayotgani qayd etildi. 

Qonun chiqaruvchi oliy organlarning munosabatlari mustahkamlanib borayotgani hamkorlik koʻlamining yanada kengayishiga xizmat qilmoqda. Joriy yil noyabr oyida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati delegatsiyaning Rossiya Federatsiyasiga kutilayotgan tashrifi, qolaversa, Rossiya parlamenti doʻstlik guruhi vakillarining mamlakatimizga rejalashtirilgan safari buning tasdigʻidir. 

Uchrashuvda iqtisodiyot, investitsiya, turizm, taʼlim sohalarida faol hamkorlikni yanada rivojlantirish, mamlakatlarimizning transport-tranzit imkoniyatlaridan samarali foydalanishni qoʻllab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi. Savdo, investitsiya va iqtisodiyotning real sektori, shuningdek, madaniy-gumanitar sohalarda malakali kadrlar tayyorlash istiqbollari yuzasidan fikr almashildi. 

Vladimir Jirinovskiy sanoat va ishlab chiqarish sohalarida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, buning uchun parlament tuzilmalari faoliyatidan unumli foydalanish zarurligini qayd etdi. 

Shu kuni mehmonlar Buxoro shahridagi 82-maxsus bolalar bogʻchasida boʻlib, yurtimizda maktabgacha taʼlim tizimini isloh qilish borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli loyihalar ijrosi bilan tanishdi.

“Obod mahalla” dasturiga kiritilgan “Shayx ul-olam” mahalla fuqarolar yigʻinida joylashgan mazkur bogʻchada joriy yilda qiymati 3,5 milliard soʻmlik bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Buning samarasida muassasada barcha zarur sharoit yaratildi. Musiqa, tibbiyot, mashgʻulot xonalari, yangidan qurilgan oshxona zamonaviy jihozlandi. Ayni paytda muassasaning qabul quvvati 135 nafarni tashkil qilmoqda.

Mehmonlar Buxoro markaziy bozorida boʻldi.

Rossiya delegatsiyasi koʻhna kentning tarixiy obidalari, diqqatga sazovor joylariga ham sayohat qildi. Buxoroning oʻziga xos iqtisodiy va madaniy rivojlanish tarixi bilan tanishdi. Mehmonlar ming yillikdan ziyod tarixga ega Ismoil Somoniy maqbarasi va Ark qalʼasida boʻldi. Har ikki obida meʼmoriy yechimiga koʻra oʻziga xos. Ular oʻz davrining qurilish, sanʼat, matematika, geometriya, fizika singari aniq fan yutuqlarining yuksak samarasi sifatida bunyod etilgan.

Delegatsiya aʼzolariga ushbu obidalar tarixi, yurtimizda madaniy merosni asrab-avaylash, yosh avlodni milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida soʻzlab berildi.

Shu bilan Rossiya oliy vakillik organlari aʼzolarining Buxoroga tashrifi nihoyasiga yetdi.

 

Ulugʻbek Shonazarov, Temur Mamadaminov (surat), OʻzA

Поделиться