O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Innovatsion menejment” oʻquv-trening malaka oshirish kurslari oʻtkazildi
2018-11-05 | Innovatsiya
Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan taʼlim jarayoniga innovatsion metodikalarni joriy etish, oʻquv dasturlarini ishlab chiqarish bilan hamohangligini taʼminlash va professor-oʻqituvchilar malakasini oshirish maqsadida Toshkent Xalqaro Vestminster universitetida joriy yilning 29-oktyabr–2-noyabr kunlari Oliy taʼlim muassasalarining ilmiy-ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektorlari va Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot muassasalarining ilm-fan boʻyicha direktor oʻrinbosarlari uchun “Innovatsion menejment” oʻquv-trening malaka oshirish kurslari oʻtkazildi.
Innovatsion rivojlanish vazirligi axborot xizmatining xabar berishicha, ushbu oʻquv-treningda OTMlarda innovatsion faoliyat asoslari, ”Ilmiy tadqiqotlar innovatsion ishlanmalar tanlovini tashkil qilish hamda ilmiy faoliyatni innovatsion rivojlantirish istiqbollari”, “Innovatsion tadbirkorlik va uni moliyalashtirish” kabi mavzular keng yoritildi.Unda ishtirok etgan Innovatsion ishlanmalarni joriy etish markazi xodimi Q.Abdurazzoqov innovatsion faoliyatni moliyalashtirishning noanʼanaviy usullari boʻlgan farishta investorlar (angel investors) va venchur kompaniyalarning amaliy tamoyillari hamda investitsiya shartlari haqida maʼlumot berdi. Hayotiy misollardan foydalanib, innovatsion mahsulot va xizmatlarga investitsiya jalb etish, investorlar bilan ishlash yoʻllari muhokama qilindi.
Maʼlumki, iqtisodiy jihatdan rivojlangan davlatlar biznes doiralarida eʼtiborli oʻrin egallagan “farishta investor”lar va venchur fondlari mamlakat iqtisodiyotini oʻsishiga xizmat qilib kelmoqda. Venchur fondlari, “farishta investorlar” kabi iboralar koʻpchilik uchun yangi tushunchalar boʻlgani bois ularning mohiyati, faoliyat yuritish tartibi katta qiziqish uygʻotdi. “Risk kapitali”,baʼzi xollarda “pay kapitali” (equity sapital)deb nomlanadigan bunday turdagi investitsiya manbalari, atamalar mazmunidan ham koʻrinib turibdiki, maʼlum ulush evaziga tavakkalchilik darajasi yuqori boʻlgan innovatsion loyihalarni, startaplarni moliyalashtirishda muhim ahamiyatga ega hisoblanadi. Innovatsion biznesni qoʻllab-quvvatlash funksiyasini bajaruvchi akseleratorlar tomonidan saralab olingan startaplar bir necha oylik tayyorlov dasturlarini oʻtaganlaridan soʻng oʻz loyihalarini “farishta investorlar” oldida namoyish qiladilar. Muvaffaqiyat qozonish ehtimoli yuqori boʻlganlariga firmaning maʼlum ulushi evaziga investitsiya kiritiladi.“Farishtalar” aksariyat hollarda tajribali mohir tadbirkorlar boʻlib, startaplar muvaffaqiyatidan manfaatdor ekanliklari sabab ham oʻz fikr va maslahatlari bilan koʻmak beradilar.
Treningda akseleratsiya markazlari innovatsion faoliyatni oshirishda qanday rol oʻynashi haqida ham aytib oʻtildi. Trening davomida prorektorlarni qiziqtirgan boshqa savollar ham muhokama qilindi.
Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshidagi Ilgʻor texnologiyalar markazi olti oylik bepul startap-akseleratorlar tashkil etish arafasida turibdi. Shu munosabat bilan Ilgʻor texnologiyalar markazi startap akseleratorning potensial ishtirokchilari uchun maxsus seminarlar tashkil etgan boʻlib, tadbirda noanʼanaviy fikrlash, jamoada ishlash, akseleratorda ishtirok etish qoidalari va bosqichlari, interfaol oʻyinlar, yangi loyihalar taqdimoti oʻrin olgan.