O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
BMT delegatsiyasi bilan TIVda bo‘lib o‘tgan uchrashuv to‘g‘risida
2018-11-03 | Siyosat
2018-yilning 1-noyabr kuni TIVda Maxsus topshiriqlar bo‘yicha elchi Ilhomjon Ne’matov BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, Aksilterror boshqarmasi rahbari Vladimir Voronkov va BMT Bosh kotibining Maxsus vakili, BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi rahbari Natalya German bilan uchrashdi.
Uchrashuv chog‘ida BMT vakillari O‘zbekistonning qo‘shni davlatlarga nisbatan yuritayotgan yangi ochiq va yaxshi qo‘shnichilik siyosatini yuqori baholadilar.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekistonning siyosati sababli bugun Markaziy Osiyoda yangicha sog‘lom muhit va do‘stona ruh, shuningdek, mintaqa mamlakatlari o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish uchun maqbul sharoit vujudga keldi.
Mehmonlarga O‘zbekistonning mintaqa davlatlari bilan davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalari bo‘yicha muzokaralar jarayoni to‘g‘risida qisqacha ma’lumot berildi.
BMT vakillarining so‘zlariga ko‘ra O‘zbekistonning Qirg‘iziston va Tojikiston bilan davlat chegarasini rasmiylashtirish hamda chegara bo‘yicha shartnomalarni imzolash kabi qiyin/mushkul masalalarga javob topilishi BMT tomonidan yuqori baholandi.
Uchrashuv davomida chegara masalalari bo‘yicha O‘zbekistonning ijobiy ishlanmalarini ommalashtirish masalasi ham muhokama qilindi. Shu munosabat bilan BMT vakillari xalqaro tashkilot doirasida chegara masalalarini yechish bo‘yicha O‘zbekiston tajribasi mavzusida taqdimot o‘tkazishni taklif qildilar.