O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Ichki ishlar vazirligining matbuot xizmati takomillashtirildi

2018-11-02 | Jamiyat

Barcha sohalarda amalga oshirilayotgan tub islohotlarning bosh maqsadi xalqimizning turmush farovonligini oshirish, fuqarolarning xavfsizligi, huquq va erkinliklarini ta’minlashga qaratilgandir.

So’nggi yillarda mamlakatimiz ichki ishlar organlarida ham bir qator islohotlar amalga oshirilib, tizimning turli sohalarida innovatsion yangiliklar tatbiq etilmoqda. Shuningdek, tizimning ochiqligi, shaffofligini ta’minlash uchun zamon talablariga mos ravishda samarali o’zgarishlar amalga oshirilmoqda.

Jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida ichki ishlar organlari tomonidan ko’rilayotgan kompleks chora-tadbirlar hamda yuzaga kelgan vaziyat haqida aholini o’z vaqtida xabardor qilishning amaliy tizimini yaratish maqsadida, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 30 oktyabrdagi “O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining matbuot xizmati faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to’g’risida”gi  qarori qabul qilindi va unga asosan Ichki ishlar vazirligida Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi hamda hududiy tizimlar, tarmoq xizmatlari va ta’lim muassasalarida matbuot guruhlari tashkil etildi.

Qarorga muvofiq boshqarmaga ichki ishlar organlari faoliyatini axborot kuzatuvi ishlarini muvofiqlashtirish, ular mansabdor shaxslarining fuqarolik jamiyati institutlari va jamoatchilik vakillari bilan uchrashuv va brifinglarini, jamoat xavfsizligini ta’minlash va mamlakatda huquq-tartibotni mustahkamlash masalalari bo’yicha fuqarolar bilan ochiq, to’g’ridan-to’g’ri muloqotlarini tashkil etish, huquqbuzarliklar profilaktikasi, jamoat tartibini saqlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi ichki ishlar organlari faoliyati to’g’risida aholiga o’z vaqtida va ishonchli axborot etkazish bo’yicha kompleks chora-tadbirlar ko’rish va zarur shart-sharoitlar yaratish, hududiy ichki ishlar organlarining matbuot xizmatlari faoliyatiga tashkiliy-uslubiy yordam ko’rsatish, ularni respublikaning jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari bilan mustahkam hamkorlik o’rnatishlarini ta’minlash, ommaviy axborot vositalari va butunjahon Internet axborot tarmog’i materiallarini tunu-kun monitoring va tahlil qilishni ta’minlash, noto’g’ri xabar yoki ichki ishlar organlari obro’siga putur etkazuvchi materiallarga zudlik bilan munosabat bildirish, vazirlik rasmiy veb-saytining samarali faoliyatini tashkil etish, unga doimiy ravishda axborot materiallarini joylash hamda ichki ishlar organlari tarkibiy bo’linmalarining veb-resurslarini nazorat qilish va muvofiqlashtirish asosiy vazifalari yuklandi hamda Boshqarma boshlig’i lavozimiga ko’ra, bir vaqtning o’zida Ichki ishlar vazirining matbuot kotibi hisoblanishi belgilandi.

Shuningdek, Boshqarma huzurida Media markaz tashkil etildi va uning faoliyatida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishning dolzarb masalalari haqida aholini muntazam ravishda xabardor qilish bo’yicha medialoyihalarni tayyorlash va amalga oshirish, ularni bajarishda hamkorlik o’rnatish, mamlakatdagi kriminal vaziyat, ichki ishlar organlari faoliyati to’g’risida noto’g’ri va boshqa axborotlar tarqalishiga yo’l qo’ymaslik maqsadida telekanallarda o’z vaqtida, keng va ishonchli ob’ektiv baho berish, ichki ishlar organlari mansabdor xodimlarining aholi bilan ochiq, to’g’ridan-to’g’ri muloqotini amalga oshirishda ko’maklashish, jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishning muhim masalalarini va fuqarolarning dolzarb muammolarini muhokama qilish va hal etish uchun jamoatchilikni keng jalb etish yo’nalishlari belgilab berildi.

Qaror asosida Vazirlikning «Postda» - «Na postu» gazetalari va «Qalqon» - «Hit» jurnallari birlashgan tahririyati» davlat unitar korxonasining tashkiliy tuzilmasi tasdiqlandi. Bugungi kunda muxlislar talabidan kelib chiqib, «Postda» gazetasi haftada ikki marotaba chop etilmoqda. Gazeta va jurnal sahifalarida sohaga oid materiallardan tashqari, eng sara xorij detektivlari, chet el va o’zbek adiblarining hikoyalaridan namunalar, boshqotirmalar berib borilmoqda. Huquqiy mavzularda gazetxonlarni qiziqtirgan savollarga malakali huquqshunoslar javob qaytarmoqdalar.     

Vazirlikning matbuot yo’nalishdagi faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida O’zbekiston matbuot va axborot agentligi, O’zbekiston milliy teleradiokompaniyasi hamda O’zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda ichki ishlar organlari matbuot xizmatlarining respublika va hududiy ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilishini nazarda tutuvchi qo’shma qaror qabul qilindi. Bugungi kunda qo’shma qaror asosida hamkorlikdagi ishlar to’g’ri yo’lga qo’yilgani bois, televidenie, radio, bosma nashrlar va ijtimoiy tarmoqlarda ichki ishlar organlariga oid materiallar muntazam yoritib borilmoqda.

Bundan tashqari, respublika ichki ishlar organlari faoliyati haqida ijtimoiy tarmoqlardagi www.iiv.uzhavolali rasmiy veb-saytda, telegramm kanalida https://t.me/iivuz yoki @iivuz, facebook sahifasida https://www.facebook.com/IIVUZ yoki fb.me/IIVUZ manzillarida tanishish imkoniyati mavjud. Kunlik voqea va hodisalar, tizimdagi yangiliklar, o’zgarishlar haqidagi ma’lumotlar vazirlikning rasmiy veb-saytida har kuni joylashtirib borilmoqda. Bundan tashqari saytning jinoyat sodir etib qidiruvda bo’lgan va bedarak yo’qolgan shaxslar haqidagi fotosuratli ma’lumotlari doimiy yangilab boriladi. Turli shov-shuvlarga barham berish, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan tasdiqlanmagan ma’lumotlarga nisbatan fuqarolarga asosli xabarlarni taqdim etish maqsadida, vazirlik veb-saytida rasmiy ma’lumotlar joylashtirib borilmoqda. Misol tariqasida ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan quyidagi holatni ko’rsatishimiz mumkin. Tarqatilgan ma’lumotda Olmaliq shahrida mayor unvonidagi xodim go’yoki mast holda fuqarolarni haqorat qilganligi aytiladi. Holatga oydinlik kiritish maqsadida, tekshirilganda uch nafar o’spirin yoshlar mast holatda jamoat tartibini buzganliklari uchun aholi shu hududda yashayotgan mayor unvonidagi xodimni uyiga kirib, undan yordam so’raganliklari uchun voqea joyiga kelgani, ko’pchilikni tashkil qilgan bezorilar mayorni ham urmoqchi bo’lgani, uning qo’lini qayirib haqorat qilganliklari aniqlangan. Ushbu holat bo’yicha prokuratura tomonidan bezorilarga nisbatan jinoyat ishi qo’zg’atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Albatta, asl holat haqida IIVning rasmiy veb-saytida ma’lumot berildi.

Ma’lumki, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 10 apreldagi “Ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, jamoat tartibini, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlashda ularning mas’uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi farmoni bilan ichki ishlar organlari mansabdor shaxslarining aholi oldida muntazam hisobot berib borishi tizimini, qilingan ishlarga baho berishning aniq mezonlarini, shuningdek ularning faoliyatida qonuniylikni ta’minlash bo’yicha jamoatchilik, parlament va deputatlik nazoratining samarali mexanizmlarini joriy etish yo’nalishi belgilab berildi. Unga ko’ra, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan bir yilda ikki marta O’zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktikasi holati to’g’risidagi hisoboti, Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi, xalq deputatlari Toshkent shahar va viloyatlar Kengashlari tomonidan har chorakda tegishincha Qoraqalpog’iston Respublikasi ichki ishlar vaziri, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi va viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari boshliqlarining hisobotlari, xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari tomonidan har chorakda tuman (shahar) ichki ishlar boshqarmalari (bo’limlari) boshliqlarining hisobotlari hamda har oyda ularning yoshlar masalalari bo’yicha o’rinbosarlari — huquqbuzarliklar profilaktikasi bo’limi (bo’linmasi) boshliqlarining hisobotlari eshitish tartibi o’rnatildi. Albatta, hisobotlar IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi tomonidan markaziy va mahalliy ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali keng yoritilib borilmoqda.

Shuningdek, jinoyatchilikning oldini olishda, fuqarolar xavfsizligini ta’minlashda tunu-kun xizmat olib borayotgan profilaktika inspektorlarini ijtimoiy himoya qilish maqsadida, ularga imtiyozli kredit asosida tantanali ravishda avtomashinalar topshirilishi, faoliyat olib borayotgan hududlaridan xizmat uylari ajratilishi ham vazirlik va quyi tizimlardagi matbuot yo’nalishi xodimlari tomonidan maxsus ko’rsatuvlar orqali muntazam namoyish etildi. Bosma va internet nashrlarida tadbirlar haqida ma’lumotlar berib borildi.

Respublikamizda jinoyatchilikning holati haqida aholini xabardor qilish maqsadida, har chorak yakuni bo’yicha boshqarma tomonidan tahliliy axborot tayyorlanib, televideniya, radio, gazeta va ijtimoiy tarmoqlarda yoritilmoqda.

Bugungi kunda Ichki ishlar vaziri rahbarligida ichki ishlar organlarida innovatsion g’oyalar hayotga tatbiq qilinmoqda. Barcha xizmatlar zamonaviy texnika vositalari bilan ta’minlanmoqda. Respublikamizga kelayotgan turistlar va ichki turizm xavfsizligini ta’minlash asosiy vazifalardan bo’lganligi uchun turistlar sayr qiladigan hududlar to’liq videokameralar bilan ta’minlandi. Toshkent, Buxoro, Samarqand, Shahrisabz va Xiva shaharlarida xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi xodimlari tomonidan kuchaytirilgan rejimda kunu tun xizmat tashkil qilingan. Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi xodimlari tomonidan ham aholiga onlayn tarzda xizmat ko’rsatish yo’lga qo’yildi. Yong’in xavfsizligi bosh boshqarmasida innovatsion g’oyalar hayotga tatbiq etilib, undan unumli foydalanish o’z natijasini bermoqda. Toshkent shahridagi ko’p qavatli binolarga va teleminoraga 14 ta videokamera o’rnatilib, shahardagi yong’in xavfsizligi qoidalariga rioya qilinishi to’la nazoratga olindi. 20 dan ortiq holatda «101» telefoniga xabar tushmasdan turib kamera orqali aniqlangan yong’in hududlariga o’t o’chirish ekipajlari etib borib, yong’inni bartaraf etdilar. Tezkorlik bilan ko’rilgan choralar natijasida yong’inning qo’shni hududlarga o’tishi oldi olindi va fuqarolarimizning hayotlari va mulklari olovdan saqlab qolindi. Hozirgi kunda Toshkent shahar IIBB Yong’in xavfsizligi boshqarmasida yong’inlar haqida ma’lumotlarni qabul qilish, yong’in joyiga kuch va vositalarni avtomatlashtirilgan tartibda jalb qilish masalalarini hal qiluvchi dasturiy ta’minot o’rnatildi. Samarqand, Namangan va Toshkent viloyatlarida esa test rejimda faoliyat boshladi. Toshkent viloyati Olmaliq shahrida atrofni kuzatuvchi yuqori sezgirlikka ega bo’lgan kameralar o’rnatilib, sodir bo’lgan yong’inlarni onlayn ravishda aniqlash va ko’rish imkoniyati yaratildi. Barcha innovatsion yangiliklar haqida markaziy va mahalliy ommaviy axborot vositalari orqali keng yoritib kelinmoqda.    

Ma’lumki, har yili 27 iyun mamlakatimizda Matbuot va ommaviy axborot vositalari kuni sifatida keng nishonlanadi. Sana munosabati bilan Ichki ishlar vazirligida xizmat qilayotgan xodimlarning “Ichki ishlar organlari matbuot xizmatining eng faol xodimi” ko’rik-tanlovi o’tkazildi. Ish faoliyatida yuqori natijalarga erishgan, tizimda amalga oshirilayotgan ishlarni ommaviy axborot vositalarida yoritishga munosib hissasini qo’shgan xodimlar Ichki ishlar vazirining buyrug’i bilan “Ko’rik tanlovning barcha talablari bo’yicha faolligi” uchun I, II, III darajali diplom hamda “Eng yaxshi televidenie materiali uchun”, “Eng yaxshi radio materiali uchun”, “Eng yaxshi matbuot materiali uchun”, “Eng yaxshi internet materiali uchun”, “Eng yaxshi fotosurat uchun”, “Eng yaxshi videomontaj uchun”, “Eng yaxshi videotasvir uchun” nominatsiyalari bo’yicha g’oliblikni qo’lga kiritgan tanlov ishtirokchilari Vazirlikning qimmatbaho sovg’alari bilan taqdirlandilar.

Shuningdek, “25 oktyabr – Ichki ishlar idoralari xodimlari kuni”ni keng nishonlash uchun tashkil etilgan bayram tadbirida namoyish etish uchun boshqarma Media markazi tomonidan tayyorlangan videoroliklardan foydalanildi. Kasb kuniga bag’ishlab tayyorlangan videoroliklar televidenie va ijtimoiy tarmoqlar orqali namoyish etildi.      

Tizimning matbuot yo’nalishida faoliyat olib borayotgan xodimlar tomonidan ichki ishlar organlari xodimlarining mashaqqatli xizmatlarini jamoatchilikka etkazish, aholining huquqiy ongini yuksaltirish bilan birga huquqbuzarliklarning va turli ko’ngilsiz hodisalarning oldini olishda hushyorligini oshirish maqsadida ommaviy axborot vositalarida keng yoritilmoqda. Albatta, ushbu amalga oshirilayotgan barcha ishlar yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi uchun xizmat qiladi.

Поделиться