O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekiston – Yevropa Ittifoqi: parlamentlararo hamkorlikning yangi bosqichi
2018-11-01 | Siyosat
Toshkentda 1-noyabr kuni “Oʻzbekiston – Yevropa Ittifoqi” parlament hamkorligi qoʻmitasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi.
Unda Yevropa parlamenti deputatlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, mamlakatimiz va chet el ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi raisi A.Kurmanov, Yevropa parlamentining Markaziy Osiyo mamlakatlari va Moʻgʻuliston bilan aloqa delegatsiyasi rahbari Iveta Grigule-Peterse xonim va boshqalar Oliy Majlis bilan Yevropa parlamenti oʻrtasidagi munosabatlar rivojlanib borayotganini taʼkidladi.
Tadbirda mamlakatimizdagi islohotlar samaradorligini oshirish, investitsiya muhitini yaxshilash, tashqi bozorlarga chiqish bilan bogʻliq texnik jarayonlar, transport sohasidagi hamkorlikni kengaytirish hamda infratuzilmaviy loyihalarni hayotga tatbiq etish, ekologiya va suv resurslarini boshqarish, qishloq joylarni va ekologik barqaror qishloq xoʻjaligini rivojlantirish masalalariga eʼtibor qaratildi.
Xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikning ayrim jihatlari yuzasidan fikr almashildi. Terrorizm, uyushgan jinoyatchilik va narkotrafikka qarshi kurashish, Oʻzbekistonning Afgʻonistonda tinchlik va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish jarayonlarini qoʻllab-quvvatlash borasidagi tashabbuslari haqida soʻz yuritildi. Yevropa delegatsiyasi Afgʻonistonni iqtisodiy tiklashga qaratilgan mamlakatimiz saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlashini bildirdi.
Yevropa ittifoqi Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan oʻzaro foydali hamkorlik boʻyicha yangi strategiyani amalga oshirishdan manfaatdor ekani, jumladan, Oʻzbekiston bilan munosabatlarni jadal rivojlantirish nafaqat Markaziy Osiyoning, balki boshqa davlatlarning manfaatlariga ham xizmat qilishi taʼkidlandi.
Yevropa parlamenti deputatlariga Oʻzbekistonda siyosiy va iqtisodiy sohalardagi islohotlar haqida maʼlumot berildi. Oʻzbekistonda jamiyatning barcha sohalarini erkinlashtirish, demokratik islohotlarni chuqurlashtirish borasida izchil islohotlar amalga oshirilayotgani qayd etildi.
Majlisda Oʻzbekistonning Yevropa ittifoqi bilan faol hamkorligi, jumladan, parlamentarizm sohasidagi munosabatlarni chuqurlashtirish, amaliy hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.