O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Muhammad al-Xorazmiy olimpiadasi yakunlandi
2018-11-01 | Ta’lim
Oʻzbekistonda ilk marotaba talabalar oʻrtasida matematika boʻyicha oʻtkazilgan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi xalqaro olimpiada yakunlandi. Uch kun davomida jahonning turli davlatlaridan tashrif buyurgan yosh matematiklar Urganchda toʻplanib, oʻzaro kuch sinashdi.
Birinchi marotaba oʻtkazilgan ushbu xalqaro olimpiadada 20 ta mamlakatining 58 ta universitetidan 334 nafar (225 nafar talaba va 109 nafar rahbar) vakillari qatnashdi.
Olimpiadada Buyuk Britaniya, Chexiya, Rossiya, BAA, Eron, Bolgariya, Estoniya, Sloveniya, Malayziya, va boshqa bir qator Osiyo davlatlari hamda MDH mamlakatlari vakillar ishtirok etishdi. Oʻzbekistondan olimpiadada 22 ta oliy taʼlim muassasalari talabalari qatnashdi.
Olimpiada jarayonlarini 20 nafardan iborat hakamlar hayʼati nazorat qilib bordi. Ulardan 18 nafari matematika fanidan dunyoning taniqli xalqaro darajadagi ekspertlaridir.
Olimpiada yakunlariga koʻra, 66 nafar ishtirokchi medallar bilan taqdirlandi (14 ta oltin, 23 ta kumush va 29 ta bronza). Shaxsiy hisobda, birinchi oʻrinni Pekin universiteti (Xitoy) talabasi Xao Ran Vang, ikkinchi oʻrinni – Sharif (Eron) Texnologiya universiteti talabasi Ali Daei Nabi, uchinchi oʻrinni yana bir Pekin universiteti (Xitoy) talabasi Ming Xuiou Yang, toʻrtinchi oʻrinni Oʻzbekiston Milliy universiteti talabasi Tolibjon Ismoilov egalladi.
Umumjamoa hisobida Pekin universiteti talabalari jami 4 ta medalni (3 ta oltin, bitta kumush) qoʻlga kiritib, eng yaxshi natijani qayd etgan. Oʻzbekiston Milliy universiteti talablari ham 4 ta medal (3 ta oltin, 1 ta bronza)ga sazovor boʻlib, ikkinchi natijani koʻrsatishdi. Estoniyaning Tartu hamda Maxtumquli nomidagi Turkman davlat universiteti jamoalari ham bir xil 1 tadan oltin va 3 tadan kumush medalni qoʻlga kiritib, yuqori oʻrinlarni egalladilar.
Bundan tashqari 30 ta universitetlar vakillari turli darajadagi medallarni qoʻlga kiritdilar. Gʻoliblarga medal va diplomlar berildi. Olimpiadaning boshqa ishtirokchilariga ragʻbatlantiruvchi yorliqlar hamda olimpiadadagi ishtirokini tasdiqlovchi sertifikatlar topshirildi.
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi xalqaro olimpiadada gʻolibliklikni qoʻlga kiritgan oʻzbekistonlik talabalarga matematika, fizika, axborot texnologiyalari yoʻnalishlari boʻyicha magistraturaga kvotadan tashqari davlat granti asosida kirish huquqi beriladi. Olimpiada gʻolibi ushbu huquqdan oliy taʼlim muassasasida bakalavriatni tugatganidan keyingi uch yil davomida foydalanish mumkin.
Maʼlumot uchun, matematika fanidan talabalar oʻrtasidagi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi xalqaro olimpiada Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017-yilning sentyabrida Ostona shahrida boʻlib oʻtgan Islom hamkorlik tashkilotining Fan va texnologiyalar boʻyicha birinchi sammitida bildirgan tashabbusi asosida ilk marotaba tashkil etildi.
Vazirlar Mahkamasining 2018-yilning 26-avgustidagi qarorida belgilanganidek, mazkur olimpiada oliy taʼlim muassasalari talabalari oʻrtasida har ikki yilda bir marta oʻtkaziladi.