Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasi “Qishloq xoʻjaligini barqaror rivojlantirishda yangi maktab: zamonaviy ilmiy yondashuv, innovatsiya va xalqaro hamkorlik” mavzusida boʻlib oʻtdi.
Sessiyada barqaror qishloq xoʻjaligini rivojlantirishdagi yondashuvlar, sohaga oid fanlarni oʻqitishda yangicha qarashlarni shakllantirish masalalari muhokama etildi.
Munozara “Ipak yoʻlida joylashgan mamlakatlarda qishloq xoʻjaligining barqaror rivojlanishida ijtimoiy-iqtisodiy fanlarning roli” mavzusidagi xalqaro konferensiya hamda Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida yaqinda ish boshlagan Markaziy Osiyoda qishloq xoʻjaligini barqaror rivojlantirish boʻyicha (PhD) maktabi dasturi doirasida amalga oshirilmoqda.
Oʻtish davrida yangi mustaqil davlatlar taʼlim tizimida sobiq ittifoq davridagi konsepsiya va nazariyalarga asoslangan holda oʻquv dasturlari yaratildi va ilmiy-tadqiqotlar olib borildi. Qishloq xoʻjaligi taraqqiyoti rejasi asosan amaliy, biologik va texnik fanlar asosida shakllantirildi hamda iqtisodchilar faqatgina iqtisodiy holatni baholash va tabiiy fanlar vakillari qarorlar haqqoniyligini asoslashga jalb etildi.
Koʻpincha sovetlar ijtimoiy fanlarga davlat tomonidan tadqiqotlar uchun ajratilgan mablagʻlarning nooʻrin sarflanishi sifatida qarashgan. Shu bois, ularning ilmdagi kashfiyotlari va tavsiyalari odatda qabul qilinmagan yoki rad etilgan. Ijtimoiy soha olimlari siyosiy va ijtimoiy yoʻnalishda “nozik” hisoblangan, jumladan, qashshoqlik, toʻyib ovqatlanmaslik, migratsiya va siyosat taʼsirlari kabi mavzularda tadqiqotlar olib borishni istashmagan.
Islohotlarga qaramasdan ijtimoiy soha olimlari eʼtibordan chetda qoldi va tadqiqotlar uchun mablagʻlar yetishmasligi davom etdi. Ijtimoiy fanlar mamlakat qishloq xoʻjaligi rivojini taʼminlashda koʻproq gʻoyalar berishi mumkin. Ularning tadqiqot natijalari ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy masalalarni yechishga koʻmaklashish va keyingi rivojlanish imkoniyatlarini belgilashda yordam beradi. Bunday foydali taʼsirni yaratishda olimlardan xalqaro standartlar darajasidagi oliy taʼlimga bogʻlangan zamonaviy tadqiqotlar talab etiladi.
Konferensiyada Markaziy Osiyoda barqaror qishloq xoʻjaligini rivojlantirishda yangi doktorantura dasturi boshlanishi eʼlon qilinadi. Ushbu dastur doktorantlar uchun Markaziy Osiyoda qishloq xoʻjaligi rivojlanishi bilan bogʻliq zamonaviy tadqiqotlar olib borishda oʻzaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Nurillo Nasriyev, OʻzA